Bugun sizlar bilan bitta g'alati, ayni paytda odamni ancha chuqur o'yga toldiradigan mavzuda gaplashmoqchiman.
Yaqinda
https://youtu.be/2K2nQsTTjQE?si=Xxp5ZOi0UGeddI0D bitta daxshatli podkastini eshitib qoldim. U yerda o'zini tarixchi va siyosiy bashoratchi deb hisoblaydigan bir professor bilan juda ochiq suhbat bo'lgan ekan. Ochig'ini aytsam, voqealarga bergan bahosini eshitib, o'zim ham ancha narsani qayta o'ylab qoldim va buni albatta kanalda sizlar bilan bo'lishishni xohladim.
Xullas, suhbatning asosiy qismi hozirgi geosiyosiy o'yinlar, xususan, Eron va Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida ketgan. Professorning aytishicha, bu urush xuddi Ukrainadagidek uzoq yillik tinkani quritadigan mojaroga aylanadi. Eronning asosiy maqsadi neft narxini 200 dollargacha ko'tarish emish. Tasavvur qilyapsizmi? Bu degani butun dunyoda shokka tushadigan iqtisodiy inqiroz boshlanadi — arzon energiya yo'qolishi ortidan de-industrializatsiya (ya'ni zavod-fabrikalarning yopilishi) va oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keladi.
Meni eng hayron qoldirgan joyi — bu siyosiy o'yinlarning ortida shunchaki resurslar emas, balki asrlar davomida kutilayotgan qandaydir diniy va bashoratli maqsadlar borligi haqidagi fikrlar bo'ldi. Aytilishicha, bu urushdan yagona yutib chiqadigan tomon Isroil bo'ladi, chunki ular o'zining "Buyuk Isroil" loyihasini amalga oshirmoqchi. Maqsad shunchaki yerni kengaytirish emas, balki Quddusdagi al-Aqso masjidini buzib, o'rniga Uchinchi Ma'badni qurish kabi g'oyalar haqida ochiq ochiq gapirildi. Buning uchun ular hattoki o'z himoyachisi bo'lgan Amerikaning Yaqin Sharqdan mutlaqo chiqib ketishidan ham manfaatdor bo'lishi mumkin ekan.
Osiyo haqidagi tahlillari ham alohida e'tiborga loyiq. Masalan, nega Janubiy Koreyada tug'ilish ko'rsatkichi dunyoda eng past darajaga tushib ketganini bilasizmi? Professor buni iqtisodiy monopoliya bilan juda zo'r bog'lab berdi. Koreyada hamma narsani sanoqli yirik kompaniyalar boshqaradi. U yerga ishga kirish va jamiyatda o'rin topish uchun raqobat shunchalik dahshatliki, ota-onalar butun puli va resursini faqat bitta farzandini o'qitishga sarflashga majbur bo'lyapti, natijada ko'p farzand ko'rish umuman foydasiz strategiyaga aylanib qolgan. Yaponlar esa, garchi hozir aholisi qariyotgan va resurslari kam bo'lsa-da, tarixan juda matonatli xalq bo'lgani uchun, kutilmaganda yana dunyoning kuchli davlatlaridan biriga aylanish ehtimoli katta ekan.
Yana bir g'alati va qo'rqinchli nuqta — G'arb sivilizatsiyasining o'z-o'zini ongli ravishda yo'q qilayotgani haqida bo'ldi. Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlaridagi nazoratsiz ommaviy migratsiya shunchaki tasodif emasligi, bu shu millatlarning madaniyati va o'zligini ataylab yo'q qilishga qaratilgan qandaydir yashirin harakat bo'lishi mumkinligi haqida juda og'ir gaplar aytildi. G'arb universitetlarida asrlar davomida o'qitib kelingan Gomer, Platon yoki Shekspir kabi insoniyatning buyuk asarlari chetga surilib, o'rniga har xil tushunarsiz mafkuralar o'rgatilayotgani — bu ularning o'z tomiriga o'zi bolta urayotganini bildirar ekan.
Xullas do'stlar, dunyo biz o'ylagandan, yoki televizorda ko'rsatilayotganidan ancha murakkabroq mexanizmlar asosida ishlayapti.