O‘zbekiston Havo Yo‘llarida uchsam doim qandaydir ichki konfliktni his qilaman. Bir xil narsalar haqida shunaqa fikrdaman. Toshkentda Magic cityga bormayman - chunki O‘zbekiston Respublikasining yagona Milliy Bog‘ini buzib beton quyib disneylend qilib qo‘yishgani uchun, daraxtlarni chopib, ko‘llarni betonlashtirishgani uchun. Ko‘p odam borsa ham, qandaydir borgim kelmaydi. Havo yo‘llari haqida ham shunday fikrdaman, shunga o‘xshash, har xolda.
Nega?
Chunki Havo Yo‘llarini mavjudligi, bizni iqtisodga katta zarar keltiradi, bu nafaqat ular bu yilni o‘zida sal kam 2.7 trillion so‘m soliq va boj imtiyoz olishgani uchungina emas. Ularni mavjudligi - raqobatni cheklaydi, bu degani ularni iqtisodiyot va jamiyatga zarari qog‘ozdagi bir necha trillion so‘mlik zarardan karrasiga ko‘p. Bizda zararni doim buxgalterlik raqamlariga qarab hisoblashadi, bu noto‘g‘ri hisob, to‘g‘ri hisob iqtisodiy shikast bo‘lishi kerak. Markirovka masalasida ham, imei masalasida ham, yoki mana Havo Yo‘llari masalasida ham, asl katta zarar - iqtisodiy. Buxglarterlik zarar ham bor, lekin iqtisodiy zarar bir necha marta kattaroq, bir xil payt esa yuzlab barobar katta. Bu degani, Havo Yo‘llaridagi kuch mavjudligi deb, ko‘p yo‘nalishlarda raqobat sunʼiy kam qilib ushlanib turilibdi, kirmoqchi bo‘lgan aviakompaniyalar kirmayapti, ichki qatno'vlar juda kamligicha qolmoqda - bu va boshqa zararlarni deb, menda doim ichki konflikt bor, har uchganimda.
Agar ikkita tanlovim bo‘lsa va biri Havo Yo‘llari bo‘lsa, deyarli hech qachon Havo Yo‘llarini tanlamayman. Birinchidan yomon servis bo‘lgani uchun - sotib olish amri mahol (chet el kartasiga imkonsiz), almashtirish yoki o‘zgartirish o‘ta qiyin, ko‘p uchadigan yo‘lovchilar uchun programmasi rasvo, sayt yaxshi ishlamaydi,- axborot olib bo‘lmaydi, ilova faqat nomiga bor, onlayn check-in (ro‘yxatdan o‘tish) yo‘q, parvozda internet yo‘q — 10 yil oldin bor deb aldashgan bo‘lsa ham, istalgan payt reysni vaqtini sizga xabar berishmaydi, ekrandagi ko‘ngilochar kontent deyarli yangilanmaydi, ovqat sifati ham o‘ta-o‘ta yomon - bali eng yomonlardan. Aytmoqchi, aviakompaniya yaxshi yoki yomonligini bilish uchun yaxshi testim ham bor: bolalar bilan uchish. Yaxshi aviakompaniyada bortdagi styuardlar hatto ekonom klassda uchsangiz ham "Bolangizga qarab turaman, tanaffus olib olasizmi, ovqat yeb olasizmi" deyishadi. Havo yo‘llarida unday emas. Hatto biznes klassda uchganimizda, kichik bolamiz sal injiqlik qilsa, iPadni tiqishtirib "mana iPad bering, injiqlik qilmasin, odamlar uxlayapti, dam olayapti, bizda katta odamlar uchadi" deydi. Yordam berish uyquda tursin, haqorat qilmaganiga rahmat deysiz.
ikkinchidan va muhimi - etik sabablarga ko‘ra. Aytganimdek, har bir parvozim, qandaydir maʼnoda soliqto‘lovchilar tomonidan subsidiyalashgan - qancha ko‘p uchsam, shunchalik ko‘p uchmaydigan vatandoshlarimni haqlarini olayotgandek tuyuladi. (Aytmoqchi, Afrosiyob poezedi ham shunday - xalq hisobiga yurgandek - chunki aslida shunday ham, boshqaruvni samarasizligi deb). Uni ustiga umumiy iqtisodiy zararlari katta. Lekin men ko‘p uchganim uchun, xohlaymanmi yo‘qmi, yiliga 5-6 marta havo yo‘llari xizmatlaridan foydalanishga majburman. Ko‘p joylarga to‘g‘ridan to‘g‘ri vatanimga va vatanimdan faqat ular uchadi. Ularni ishlatmasam yo‘limni puli ham vaqti ham ko‘payib ketadi. Ichki reyslarda umuman ilojsiz. O'zimga zarar qilgim kelmaydi.
Nega buni yozyapman?
Havo Yo‘llari va boshqa bir qator korxonlarga ajratilgan imtiyozlar haqida yozishimni so‘rashibdi, men qaytarib kelayotganim shuki: bu 2.7 trillion, asl zarardan karrasiga kam. Asl zararni hisoblash talab etiladi, bu sal qiyinroq. Men masalan bilmayman, lekin aniqki bu katta son. Yozishimni yana bir sababi - hozirgina uchdim. Havo kemasida internet yo‘qligidan, shunday falsafaviy fikrlar kelishi tabiiy, yozib qo‘yishim kerak deb o‘yladim. Hozirgi parvoz zo‘r bo‘ldi, mazza qilib uhladim. Uchinchisi, HY va boshqa korxonlarni aksiyalarini endi proksi orqali sotib olish imkoniyati paydo bo’lyapti. Bu Havo Yo’llarini korporativ boshqaruv sifati yaxshilanishidan umid borligi uchun.