YOZUVCHIDAN DUNYO BOLALARIGA IKKI OG‘IZ SO‘Z
Assalomu alaykum, kichik do‘stim! O‘qishlaringiz durustmi?
Birov sizni xafa qilmayaptimi? Maktabdagi ishlar qalay?
Mabodo birinchi kitobimni o‘qib, undagi ramzlarni tushunib, yaxshi inson bilan yomon insonning ichi qanday bo‘lishini anglagan, o‘zingiz ham yeng shimarib yaxshi inson bo‘lishga harakat qilayotgan, bu boradagi bilimlaringizni mustahkamlash niyatida kitobimizning ikkinchi qismini ham topib o‘qishga kirishgan bo‘lsangiz, tabriklayman sizni!
Kichik do‘stim, sizga yaxshi ma’lumki, kimyo fani moddalarni, zoologiya hayvonlarni, fizika esa tabiat hodisalarini o‘rgatadi. Bularni albatta bilish kerak! Lekin, afsuski, maktabda qalbni o‘rgatadigan birorta ham fan yo‘q. Deylik, qalbshunoslik! Yoki sizning maktabingizda bormi shunaqa fan? Ehtimol, sumkangizda, kitoblaringiz orasida shu sohaga oid kitob chiqib qolar? Yo‘q deysizmi? Xafa bo‘lmang. Bu yerda sizning aybingiz yo‘q, aslida. Maktab bizga barcha a’zolarimiz haqida bilim beradi-yu, ularning sultoni bo‘lmish qalbimiz haqida lom-mim demaydi.
Sizning yozuvchi akangiz mana shu ishga – insonlar qalbini o‘rganib, uni bolalarga sodda, qiziqarli qilib tushuntirib berishga qat’iy bel bog‘ladi.
Kichik do‘stim, umid qilamanki, kitobni tugatgandan so‘ng vujudingiz podshosi bo‘lgan qalbingizga e’tiborli bo‘lasiz, unga dog‘ tushirishdan saqlanasiz. Sizga bir gapni aytib qo‘yay, qalbi qora odamning ishi sira yurishmaydi. Qalbi pok inson oilasida, qishlog‘ida, shahrida, yurtida, qo‘yingki, butun dunyoda sevimli bo‘ladi. Asosiysi, har ikki dunyoda aziz-u mukarram bo‘ladi.
Kichik do‘stim, qalamimni qo‘limga olib yozishni boshlashim bilan go‘yo butun dunyo bolalarini bag‘rimga bosib, ularni tez oqar, sersuv daryodan ko‘tarib narigi qirg‘oqqa o‘tkazib qo‘yayot
gandek sezaman o‘zimni. Bolalarni shunday mahkam quchgim keladiki, to birortasi ham suvga tushib ketmasin! Siz ham ana shu million-million bolalarning birisiz, to‘g‘rimi? Agar shunday bo‘lsa, demak, siz ham mening bag‘rimdasiz. Qani, unda bo‘ynimdan mahkamroq quchib oling!
Qobiljon Shermatov
🟠Xarid:
https://t.me/akademsavdo | +998994331677
🟠Manzil: Alisher Navoiy ko‘chasi, 40.
📘