Davlatimizga sayohatga kelayotgan insonlar bizdagi to‘y marosimlarini sevib, an’analarimizdan quvonayotgan bir paytda, biz butunlay to‘y qilishdan voz kechmoqchimiz.
Menga qolsa, o‘zbek to‘ylari va marosimlarimiz doimo qiziq. Biz yo‘qotishimiz kerak bo‘lgan narsa — dabdaba va bosim, xolos. Butunlay voz kechish yoki keskin o‘zgartirish emas.
Xohishlar doimo subyektiv, ammo o‘z xohishlarimizni boshqalarga majburan targ‘ib qilishga haqqimiz yo‘q.
Menga o‘zimizning to‘ylardagi deyarli har bir odat yoqadi: ertalabki nahorgi osh, kelin salom, kuyov jo’ralarning alohida e’tiborga olinishi, to‘yxonadagi marosimlar, hatto agar kelin-kuyov istasa, vals ham (albatta, ota-onaga 50 talik qizil atirgul, 100 qavatli tort yoki 10 qatorli kortejlar va butun to’yxonadagi stolga alohidadan salom berib chiqishlar-u, 20 qavat ko’rpachani hovliga olib chiqib ko’z ko’z qilishlarni nazarda tutmayapman — bular alohida mavzu va ortiqcha bo‘rttirish).
Agar o‘zbekcha to‘ylardan butunlay voz kechsak yoki ularni tubdan o‘zgartirsak, bu qaysidir ma’noda o‘zligimizni yo‘qotishdek tuyuladi menga. Hamma narsa Yevropacha bo‘lsa, unda O‘zbekistonda yashashning yoki bu yerga sayohat qilishning ma’nosi nima qoladi? Axir, faqat qadimiy joy va binolar bizni biz qilishga yetmasa kerak, va balkim qo’shimchasiga madaniyatimiz, qarashlarimiz va odatlarimiz ham bizni biz qiladi.
O‘zbekcha to‘ylar yomon emas. Aksincha, ular qiziqarli va o‘ziga xos. Muammo — odamlarning ko‘z-ko‘z qilishga intilishi, shaxsiy chegaralarni to’g’ri qo’ya olmasligi va noto‘g‘ri qarashlari tufayli ortiqcha dabdaba va stressning paydo bo‘lishida.
Bu stress, ovoragarchilik va isrofchilikdan qutulaman deb, butunlay o‘zbekcha to‘ydan voz kechish — xuddi “sallasini olib kel desam, kallasini olib kelibdi” degan maqoldagidek bo‘ladi.
O‘zbekcha marosimlarni shunchaki qisqartirish, samimiylik bilan, yaqin insonlar davrasida o‘zligicha o‘tkazish ancha chiroyli va to‘g‘riroq yechim, meningcha
*shaxsiy fikr