Koson tumani hokimi Asrol Boykarayevning tuman ahliga murojaatnomasi
Hurmatli yurtdoshlar, aziz ota-onalar, ustozlar, mahalla faollari va yoshlar!
Bugun insoniyat oldida turgan eng xavfli ijtimoiy illatlardan biri — giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishidir. Bu muammo nafaqat bir insonning sog‘lig‘ini, balki butun jamiyatning ma’naviy va ijtimoiy poydevorini yemiradigan xavfli tahdiddir.
Biz yashayotgan Koson tumani hududida ham har bir oila, har bir mahalla va har bir ta’lim muassasasi oldida turgan eng muhim vazifa — yoshlarimizni ana shunday xavfli yo‘llardan asrash, ularni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashdir.
Aziz ota-onalar!
Farzand — bu faqatgina oilaning quvonchi emas, balki jamiyatning ertangi kuni, yurtning umidi va kelajagidir. Bugungi globallashuv davrida bolalar va o‘smirlar turli ta’sirlar, noto‘g‘ri axborotlar va xavfli oqimlar bilan tez-tez yuzlashmoqda. Shu bois sizlardan quyidagilarni qat’iy so‘raymiz:
Farzandlaringiz bilan doimiy muloqotda bo‘ling, ularning ichki dunyosiga befarq bo‘lmang;
Ularning kimlar bilan do‘stlashayotganini, qayerlarga borayotganini nazorat qiling;
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda qanday kontentlarni kuzatayotganini e’tiborsiz qoldirmang;
Bo‘sh vaqtini foydali mashg‘ulotlar, sport va ijodiy to‘garaklarga yo‘naltiring. Bir lahzalik beparvolik — butun umrga afsusga aylanishi mumkin.
Mahalla faollari, profilaktika inspektorlari, yoshlaryetakchilari va nuroniylar ham bu borada yanadahamjihat bo‘lishlari kerak. Har bir mahalla xavfsiz vasog‘lom muhitga aylanishi zarur.
Aziz yoshlar! Giyohvandlik — bu orzularni o‘ldiradigan eng xavfli yo‘ldir.
U birinchi qadamda qiziqish bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin oxiri pushaymon, sog‘liqning yo‘qolishi va hayotning barbod bo‘lishi bilan yakun topadi. Shuning uchun hayotingizni qadrlang, toza va sog‘lom yo‘lni tanlang, bilim va mehnat sari intiling.
Hurmatli tumandoshlar! Giyohvandlikka qarshi kurash — bu faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu — har bir ota-ona, har bir mahalla, har bir ustoz va har bir vijdonli fuqaroning umumiy burchidir.
Agar biz birlashsak, ogohlikni kuchaytirsak va befarqlikka yo‘l qo‘ymasak, hech qanday zararli oqimlar yoshlarimiz kelajagiga tahdid sola olmaydi. Keling, birgalikda farzandlarimizni asraylik, ularni sog‘lom, bilimli, vatanparvar va kuchli insonlar qilib tarbiyalaylik!
Hurmat bilan,
Koson tumani hokimi
Asrol Boykarayev.
👉