SUN’IY INTELLEKT DAVRIDA HAQIQIY OLIM QANDAY SHAKLLANADI?
Kecha Research Excellence Ecosystem (REE) doirasidagi 3-ochiq webinarimiz bo‘lib o‘tdi.
Webinar mavzusi — “Tadqiqotchining kompetensiyalar profili” edi. Unda zamonaviy tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan Research Thinking, Evidence Literacy, Data Literacy, Academic Writing, Publication Literacy, Digital & AI Literacy, Academic Integrity, Collaboration va Research Impact kabi kompetensiyalar haqida suhbatlashdik.
Webinarimizda professor Dilfuza Egamberdieva ham ishtirok etdilar. Suhbat jarayonida juda muhim va, menimcha, bugungi ilm-fan uchun eng dolzarb masalalardan biri ko‘tarildi:
Sun’iy intellekt bizning ishimizni yengillashtirayotgan bir paytda, tadqiqotchining o‘zi fikrlashdan uzoqlashib qolmayaptimi?
Bugun AI yordamida matn yozish, tahrirlash va ma’lumotlarni tizimlashtirish ancha osonlashdi. Agar tadqiqotchining o‘z ilmiy savoli, o‘z g‘oyasi, o‘z metodologiyasi va o‘z tahlili mavjud bo‘lsa, sun’iy intellekt uning ishini yanada sifatli qilishga xizmat qilishi mumkin.
Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor.
Bugun turli manbalardagi fikrlarni yig‘ib, ularni qayta tuzib, qisqa vaqt ichida ko‘plab “ilmiy maqolalar” yaratish ham tobora osonlashmoqda.
Maqolalar soni ortishi mumkin. Ammo olimning tafakkuri ham shunga mos ravishda rivojlanyaptimi?
Menimcha, aynan shu savol bugungi ilmiy hamjamiyat oldidagi eng jiddiy savollardan biridir.
Haqiqiy ilmiy ish tayyor ma’lumotlarni yig‘ishdan boshlanmaydi.
U savol berishdan boshlanadi.
Nega?
Qanday?
Buning dalili nima?
Biz bilgan narsalarning qaysi qismi hali noma’lum?
Mening tadqiqotim ilm-fanga qanday yangi qiymat qo‘shadi?
Mana shu jarayon — Research Thinking, ya’ni tadqiqotchidek fikrlashdir.
Shuning uchun REEda biz faqat Academic Writing yoki Scopus maqolasini tayyorlashni o‘rgatishni maqsad qilmayapmiz.
Bizning asosiy maqsadimiz — tadqiqotchining o‘zini rivojlantirish.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida shakllanayotgan REE — Research Excellence Ecosystem orqali biz halol ilmiy suhbatlar, mentorlik, evidence bilan ishlash, akademik halollik, AI vositalaridan mas’uliyatli foydalanish va xalqaro ilmiy hamkorlik asosida halol olimlar maktabini yaratishni istaymiz.
Bu ekotizimda maqola — maqsad emas.
Maqola — rivojlangan tadqiqotchining ilmiy faoliyati natijalaridan biridir.
Eng katta natijamiz esa — mustaqil fikrlaydigan, intellektual salohiyat va ilmiy etikaga ega, o‘z tadqiqotiga o‘zi javob bera oladigan hamda xalqaro olimlar hamjamiyatida o‘z ilmiy yetukligini namoyon eta oladigan tadqiqotchining shakllanishidir.
Sun’iy intellekt davrida ilm-fanning eng katta muammosi AI bizning o‘rnimizni egallashi emas.
Eng katta xavf — biz o‘zimiz fikrlashni unga topshirib qo‘yishimizdir.
Shuning uchun REEning eng muhim tamoyillaridan biri:
AI olimning o‘rniga fikrlamasligi kerak.
AI fikrlaydigan olimning imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.
REE — maqolalar fabrikasi emas.
REE — olim shakllanadigan ekotizim.
Agar siz ham xorijiy tillarni biladigan, mustaqil fikrlaydigan, ilmiy halollikni qadrlaydigan va kelajakdagi STEAM hamda fanlararo tadqiqotlar rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni istaydigan olimlar hamjamiyatiga qo‘shilishni istasangiz, biz bilan birga bo‘ling:
REE — Research Excellence Ecosystem
https://t.me/skopus_uzbekistan