30 soat dars – o‘qituvchining huquqimi yoki eng yuqori chegara?
Ayrim o‘qituvchilar “1,5 stavka ishlash mumkin ekan, menga 30 soat dars berilishi shart”, degan talabni qo‘ymoqda. Biroq 1,5 stavka ishlashga ruxsat berilgani har bir o‘qituvchiga 30 soat dars berilishi shartligini anglatmaydi.
Mehnat kodeksining 184-moddasida pedagoglar uchun haftasiga 36 soatdan oshmaydigan ish vaqti belgilangan. Ammo 36 soatning barchasi dars mashg‘uloti hisoblanmaydi.
3058-son Yo‘riqnomaga ko‘ra, pedagogning ish yuklamasi ikki qismdan iborat:
· bevosita dars mashg‘ulotlari;
· metodik va tashkiliy-pedagogik ishlar.
Bir stavkada:
· I–IV sinf o‘qituvchisi – 18 soat dars va 18 soat boshqa pedagogik ish, jami 36 soat;
· V–XI sinf o‘qituvchisi – 20 soat dars va 16 soat boshqa pedagogik ish, jami 36 soat ishlaydi.
O‘qituvchi 1,5 stavka ishlasa:
· I–IV sinflarda – 27 soat dars va 27 soat boshqa pedagogik ish;
· V–XI sinflarda – 30 soat dars va 24 soat boshqa pedagogik ish bajaradi.
Demak, 30 soat dars olgan fan o‘qituvchisining umumiy ish yuklamasi haftasiga 54 soatni, olti kunlik ish haftasida o‘rtacha kuniga 9 soatni tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 275-son qaroriga ko‘ra, o‘qituvchiga tarifikatsiya asosida 1,5 stavkagacha ish yuklamasi berilishi mumkin. Biroq bu norma 1,5 stavkani talab qilish huquqini bermaydi.
Nizom (3271)ning 15-bandiga ko‘ra, darslar pedagogik kengash tomonidan malaka toifasi, sertifikat va boshqa ustuvor ko‘rsatkichlar asosida taqsimlanadi. 16-bandda ustuvor o‘qituvchilarga maksimal dars soati berish tavsiya etilgan, majburiy talab belgilanmagan. Bir xil ko‘rsatkichga ega o‘qituvchilar o‘rtasida esa soatlar teng taqsimlanishi kerak.
Nizomning 17-bandida belgilangan 1,5 stavka – o‘qituvchiga berilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori yuklama, kafolatlangan dars soati emas.
Shu sababli oliy toifali yoki sertifikatga ega o‘qituvchi ustuvorlikka ega bo‘lishi mumkin, ammo maktabda soatlar yetarli bo‘lmasa, 30 soat dars berilishini talab qila olmaydi. Bir o‘qituvchini 30 soat bilan ta’minlash uchun boshqa pedagogni ishdan bo‘shatish ham mumkin emas.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, 30 soat dars – o‘qituvchining kafolatlangan huquqi emas, 1,5 stavka doirasida berilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori miqdor. Direktor va kengashning vazifasi har bir o‘qituvchini 30 soat bilan ta’minlash emas, mavjud darslarni Nizom dagi ustuvorlik asosida qonuniy va adolatli taqsimlashdir.
📲 |
https://www.instagram.com/doniyor_imomniyozov?igsh=MWFxdmlmZGg2aDdheA== | https://yuristpro.uz/