Aprelda Toshkent chindan chiroyli boʻladi. Havo iliq, namlik ham yaxshi, shahar yashillikka endi burkanayotgan, barglar esa barra boʻladi. Shahardagi daraxtlar oʻylanmay kesib tashlayotgan bir paytda — chindan gʻanimat bunday kunlar shaharda.
Har oy hech yoʻq bir marta koʻchaga chiqib, qayerdadir nonushta qilish haqida oʻylayman. Lekin, oʻy boʻlib qolih ketishi alamli. Ulgurmayapman. «Oy tugashiga oʻtirib rejalarimni oʻylab olaman, xotirjam oʻtirib, hech qayerga shoshmay, nafas rostlab», deyman. Mana bugun ham oy tugab, keyingi oyning 1-haftasini tugatganda arang chiqdim. Biz atrofga shunchaki yashab yurganimizni koʻrsatamiz, lekin qiyinchilikni emas. Oddiy misol instagram va yoki istalgan ijtimoiy tarmoqda odamlar boʻlishadigan rasm/videolarni koʻrganda «mazza qilib yuribdi» deb oʻylash oson. Men unaqa oʻylamayman. Odamlar aniq yaxshi narsani ulashadi, xotira boʻlib qolishi uchun. Yoki hech yoʻq shu orqali hayotini romantizatsiya qilishga urinishadi, lekin bular yaxshi nazarimda.
Endi meni holatimda, haftam juda ogʻir oʻtdi. 12-16 soat ofisda — ishda boʻldim. Butun hafta uyga oʻlikdek keldim: uyga kelaman, dushga kiraman uxlayman, tong, dushga kiraman, ishga ketaman. Sikl bir xil. Har kuni 4-5 soat uyqu. Aprelni oʻtkazib yubormaslik uchun, ataylab bugun 5 da turib koʻchaga chiqib kettim.
Shu yerda bir ogʻriqli mavzu bor doim aytganim: nimaga haligacha Toshkentda 24/7 ishlaydigan joylar kam, boʻlgani ham toʻliq xizmat koʻrsatmaydi! Men shu sohadagi biznes egalarini umuman tushunmayman. Kim bularni yuritadi, kuzatmaydimi shaharni, asl mohiyat boʻyicha ish yuritishmaydigandek xuddi. Muntazam ishlaydigan joylar: Socials, Caffee`issimo, Union Cafe, Florya, Canella Coffee & Patisserie, Shakespeare, Terminal — shularni oʻzim sinab koʻrganman. Boshqa bilmadim, balkim sizlar bilarsiz. Lekin sanab oʻtgan joylarim ham faqat qoq markazda. Masalan, siz shahar markazidan 6-7km uzoqlikda yashasangiz bir nechta transportdan foydalanib kelishingiz kerak. Ishingiz va uyingiz ikki boshqa-boshqa joyda boʻlsa, ma’lumki siz albatta kafe, yemakxonalarga ertalab kirmaysiz. A davlat ishxonalarida ham, aksariyat 80-90% joylarda oddiy xodimlar ish vaqt boshlanishi 9:00 da. Ishga ketishdan avval qayergadir kiraman desangiz koʻzga ilinadigan variant yoʻq, haaa azizlar.
Xullas, shu uchun erta turib, nonushta qilib, keyin shaharni piyoda aylandim. Koʻchada odam deyarli yoʻq, mukammal havo chiqib yurib kelish uchun. Xuddiki, shahar bizga qarab: «nafas olib tursang boʻldi» degandek.
Toshkent menga boshqacha yoqishi rost. Albatta umrning deyarli teng yarmini shu yerda yashalgani uchun deyish mumkin. Ammo oʻzim unday hisoblamayman. Shunchaki men Toshkentda oʻzimni topganman, kashf qilganman, odamlarni taniganman — shuning uchunki: bundan azizroq narsa yoʻq.
Toshkent, senga bahor yarashadi.
Senga aprel!
Siz Xorazmda yashaysizmi, Andijondami, Surxondami oʻziga yarasha qanaqadir dilga yaqin joylari boʻlishi kerak. Odam har xil joyda oʻzini topadi. Istalgan kichik joy boʻlishi mumkin balkim. Shu oʻrinda tanlovni hammamizga qoldirishim mumkin, ya’ni:
Insonning shunday joyi bor — u yerda hech narsa yoʻq, u yerda hech kim kutmaydi. U yerda yolgʻiz qolishingni bilasan, ammo borging kelaveradi. Oʻsha joy senga yoqaveradi. Sogʻinaverasan.
Insonning shunday joyi bor — u yerga hech qachon bormagan. U yerda hali boʻlmagan. Borsang, yolgʻiz qolib ketishingni ham bilasan, ammo borishga talpinyapsan. Oʻsha yer senga yoqishi mumkin ekanligini tahmin qilyapsan, bormay turib shu joyni hozir sogʻinyapsan.
Insonning shunday joyi bor — u yerni qanaqadir tasavvur qilib koʻrgan. Lekin, qadami tortmaydi. Borgisi kelmaydi. Borsang yolgʻiz qolmasligingni ham bilasan. Ammo, talpinmaysan. Sogʻinmaysan. Boʻshliqqa qarab ketayotganingni bilib turib, borishga mahkumsan.
Tushunishimiz kerak narsa: tanlov hamisha insonning oʻzida boʻlgan. Ichingizdagi oʻzingizni oʻldirib qoʻymang, biz bilamiz — oʻlgan odam qaytib tirilmaydi.
04.04.2026
Toshkent