Millioner bo‘lish sarobi yohud 25 yoshida pensiyaga chiqish istagi.
Hozir 20–25 yoshli tanishlarim, xodimlarim bilan gaplashsam, mavzu ko‘pincha bir joyga borib taqaladi:
Tezroq mashina olish.
Uy sotib olish.
Moliyaviy erkinlikka chiqish.
“Pensiyaga chiqish”.
Birinchi millionni ishlab topish.
Xuddi bularning hammasiga 25 yoshgacha erishilmasa, hayot yutqazilgandek.
Lekin statistika boshqa narsani ko‘rsatadi.
AQSh Milliy rieltorlar assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda birinchi marta uy sotib olganlarning median yoshi 40 yoshga yetgan.
Ramsey Solutions 10 mingdan ortiq millioner orasida o‘tkazgan tadqiqotda esa millioner maqomiga erishishning median yoshi 50 yosh bo‘lgan.
Demak, internet bizga ko‘rsatayotgan 21 yoshli millioner, 23 yoshida ota-onasiga uy olib bergan bola yoki 25 yoshida “pensiyaga chiqqan” tadbirkor — o‘rtacha holat emas.
Ular istisno.
Lekin biz istisnoni norma deb qabul qilib, oddiy hayotimizdan norozi bo‘lishni boshlayapmiz.
Bu gaplarim bilan:
“Hali vaqtingiz bor, yotavering”, demoqchi emasman.
Maqsad qilish kerak.
Harakat qilish kerak.
Ko‘proq pul topishga intilish ham yomon emas.
Lekin birovning tezligiga qarab, o‘z hayotingizni azobga aylantirish shart emas.
Yaqinda juda iqtidorli bir xodimimiz aynan shu sabab ishdan ketdi.
Yoshi 21 atrofida edi. Tajribasi kam, lekin salohiyati kuchli bola edi. Unga:
“Hali o‘sasan. Tajriba ol. Darajang oshsa, daromading ham ortadi”, dedim.
Lekin bir kuni:
“Shu yil uy olishim kerak”, deb qoldi.
Olayotgan daromadi maqsadiga yetmayotgani uchun qo‘shimcha loyihalar ola boshladi. Bir vaqtning o‘zida hamma narsaga ulgurishga harakat qildi.
Natijada hech narsaga to‘liq ulgurmadi.
Har ko‘rganimda charchagan.
Siqilgan.
Demotivatsiyada.
Oxiri asosiy ishidan ham ketdi.
Muammo uning uy olishni xohlaganida emas edi.
Muammo — 21 yoshli yelkasiga 40 yoshli odamning moliyaviy maqsadlarini yuklab olganida edi.
Men doim bir narsani takrorlayman:
Daraja bilan daromadni adashtirmang.
Ko‘pchilik darajasini oshirish o‘rniga daromadini sakratishga harakat qiladi.
Yangi bilim olish o‘rniga — yangi loyiha oladi.
Mahoratini oshirish o‘rniga — yana bir ishga kiradi.
Bir yo‘nalishda kuchayish o‘rniga — beshta yo‘nalishga bo‘linadi.
Keyin esa charchaydi, o‘zidan norozi bo‘ladi va hayotini omadsiz deb hisoblay boshlaydi.
Boshdan baland sakrab bo‘lmaydi, deyishadi.
Dunyoning yukini hali chiniqmagan kichik yelkaga ortib, keyin hayotdan xafa bo‘lib yashashdan nima foyda?
Bu holat o‘zimning ham boshimdan o‘tgan.
Internetda juda kam sonli yosh muvaffaqiyatli odamlarni ko‘rib, o‘zimni ular bilan solishtirganman. Keyin hozirgi hayotimni qadrlash o‘rniga, undan norozi bo‘lishni boshlaganman.
Lekin internet sizga natijani ko‘rsatadi.
U natijagacha bo‘lgan sharoitni ko‘rsatmaydi.
Kimningdir oilasi yordam bergan bo‘lishi mumkin.
Kimdir 10 yil oldin boshlagan bo‘lishi mumkin.
Kimdir omadli bozor yoki to‘g‘ri davrga tushgan bo‘lishi mumkin.
Yana kimdir ko‘rsatayotgan hayotini qarz hisobiga qurgan bo‘lishi mumkin.
Siz esa uning natijasini ko‘rib, o‘zingizning boshlanish nuqtangizni yomon ko‘rib qolasiz.
Yana bir o‘quvchim pushti rangli BMW olishni orzu qilishini aytdi.
Razbor qilib, ichiga kirganimizda ma’lum bo‘ldiki, u mashina haydashni umuman yoqtirmas ekan. Mashina unga aslida kerak ham emas ekan.
Unda nega aynan BMW?
“Kimlargadir isbotlab qo‘yish uchun”, dedi.
Biz ko‘p narsani foydalanish uchun emas, isbotlash uchun xohlaymiz.
Otamiz “molodes” deyishi uchun.
Do‘stlarimiz havas qilishi uchun.
Sobiq tanishlarimiz afsuslanishi uchun.
Instagramda boshqalardan kam ko‘rinmaslik uchun.
Keyin shu isbotning badalini sog‘lig‘imiz, xotirjamligimiz va yoshligimiz bilan to‘laymiz.
Yozilgan narsa o‘z vaqtida keladi.
Lekin kelajakdagi uy haqida o‘ylab, bugungi sog‘lig‘ingizni yo‘qotsangiz, ertaga u uyda yashashga ham holingiz qolmasligi mumkin.
Shuning uchun maqsadingiz bo‘lsin, lekin birovning vaqt jadvali bilan yashamang.
Instagramdagi yosh millionerga emas, kechagi o‘zingizga qarang.
Daromadni quvishdan oldin darajangizni oshiring.