🟢Marziyalik jajji bolajonlar uchun zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
Romitan tumanida maktabgacha ta’lim tashkiloti tizimini rivojlantirish, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yanada keng jalb etish, maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jarayonda barkamol avlodni tarbiyalash uchun, eng avvalo, qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Tumanda jami 167 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Ulardan 36 tasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 13 ta Davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan, 118 tasi Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.
Bugun, 28-aprel kuni tumanning Marziya mahalla fuqarolar yig‘inidagi yangi tashkil etilgan 120 o‘ringa mo‘ljallangan 36-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida tuman hokimi Umedjon Barnoyev, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot, korxona rahbarlari, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari, mahalla yettiligi, nuroniy ota-onaxonlar, mahalla faollari va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida maktabgacha ta’lim tashkiloti tarmog‘ini hozirgi zamon talablari va standartlari asosida rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotgani tuman hokimi Umedjon Barnoyev tomonidan ta’kidlandi.
Tadbir davomida nuroniylar ushbu ishlarga bosh qosh bo‘lgan mutasaddilarga rahmatlar aytib, o‘z minnatdorliklarini bildirishdi. Shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish, ularni vatanimizning munosib fuqarolari, ma’naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashda, ta’lim tizimini rivojlantirishda samarali ish olib borishiga ishonch bildirildi.
Tadbirda tuman rahbari ishtirokida qurilish ishlari jarayonida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh xodimlarga ehtirom ramzi sifatida o‘zbekona to‘n kiydirib, esdalik sovg‘alarini topshirildi.
Shundan so‘ng 36-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida ramziy lenta kesilib, yig‘ilganlar bolajonlar uchun sevimli maskanga aylanishi kutilayotgan inshootlarda yaratilgan qulayliklar, o‘yin maydonchalari, mashg‘ulot va dars xonalari, yotoqxona, oshxona va boshqa tarmoqlar bilan yaqindan tanishishdi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan ulashilgan bayram sovg‘alar bolajonlarga chinakam bayram kayfiyatini tuhfa etdi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishi hudud aholisining qolaversa, ota-onalarning quvonchiga sabab bo‘lganligini alohida e’tirof etish joizdir.
“Ziyo San’at” MCHJ rahbari Zinnat Mustafoyev tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilgan muassasaning loyiha qiymati 5 milliard 200 million so‘mni tashkil etdi. Foydalanishga topshirilayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotida barcha qulayliklar yaratilgan, guruh xonalari talab darajasida jihozlangan, bolajonlar uchun alohida ovqatlanish xonalari, zamon talablarga mos ravishda jihozlangan musiqa xonasi, yozgi sog‘lomlashtirish davrini yanada maroqli o‘tkazish imkoniyatini beruvchi barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga bolajonlarni sportga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olib, bolalar ayvonchalari ham bunyod etilgan.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, hozirgi kunda tumanda 3-7 yoshli bolalar soni 12691 nafar bo‘lib, 5814 nafari (46%) davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, 1368 nafari (11%) DXSH nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, 4744 nafari (35,4%) ONMTTlarga qamralgan bo‘lib, jami 11926 nafar (94,7 %) maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini tashkil etadi.
https://t.me/Umed_Barnoyev