Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi ishlari muhokama qilindi
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida g‘alla parvarishi, chigit ekish, asosiy maydonlar, bog‘-tokzor qator oralari hamda dala chetlariga turli xil oziq-ovqat ekinlarini ekish kabi dolzarb masalalar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman darajasidagi mas’ul rahbarlar, sohaviy tashkilotlar vakillari hamda hududlarda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligida vaqt omilі hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu sohada kechiktirilgan ishni keyingi oyda to‘g‘rilab olish imkoni yo‘q. Shu bois, barcha agrotexnik tadbirlarni optimal muddatlarda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Viloyat hokimi o‘tgan yilda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, suv ta’minotini yaxshilash, g‘alla o‘rimi, chigitni qo‘shqator usulda ekish, xorijiy navlarni sinovdan o‘tkazish, paxta terish mashinalarini xarid qilish va intensiv sabzavotchilik texnologiyalarini joriy etish borasida salmoqli ishlar qilinganini ta’kidladi.
Natijada viloyat g‘allachilik, paxtachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda respublikada yetakchi o‘rinlarni egallagani qayd etildi. Shu bilan birga, joriy yilda erishilgan natijalarni saqlab qolish va yanada yaxshilash har bir mas’ul va fermer zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.
Xususan, g‘alladan 100 sentner hosil olish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarning ijrosi qat’iy nazoratga olinishi belgilandi. Yig‘ilishda mas’uliyat bilan ish olib borayotgan ilg‘or fermerlar faoliyati alohida e’tirof etildi. Ayni paytda, yerdan samarasiz foydalanayotgan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmayotgan fermerlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, o‘tgan yili 264 nafar fermer xo‘jaligining yer ijara shartnomasi bekor qilingan, yana 135 ta fermer xo‘jaligi bo‘yicha ishlar sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.
Yig‘ilishda g‘alla maydonlarida mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, suspenziya sepish, sug‘orish ishlari, begona o‘t, zang va zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlari tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, ayrim tumanlarda g‘alla maydonlarini oziqlantirish va sug‘orish ishlari sust kechmoqda. Xususan, 74 nafar fermerning 2248 gektar maydonida haligacha zarur agrotexnik ishlar amalga oshirilmagan.
Shu munosabat bilan, g‘alla maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, kamida 5–6 marta suspenziya sepish, begona o‘t va kasalliklarga qarshi ishlov berish va sug‘orish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, joriy yilda 100 dona yuqori unumli don o‘rish kombayni xarid qilinishi, va mavjud barcha kombaynlarga GPS qurilmalari o‘rnatilib, markazlashgan nazorat tizimiga ulanishi belgilandi.
Yig‘ilishda paxta uchun chigit ekish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Joriy yilda 1889 nafar fermer xo‘jaligi tomonidan 67,6 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi tomonidan faqat qo‘shqator usulda va xorijiy, xususan Xitoy navlarini ekish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.
Shu bilan birga, paxta maydonlarida zararkunandalarga qarshi biologik va agrotexnik choralarni kuchaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda aholi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida asosiy maydonlar, bog‘-tokzor qator oralari va dala chetlariga sabzavot, poliz, kartoshka hamda boshqa ekinlarni ekish ishlari ham muhokama qilindi.
Hozirgacha 19,4 ming gektar maydonga ekinlar joylashtirilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu boradagi ishlar sust kechayotgani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida barcha belgilangan vazifalar ijrosini viloyat hokimining o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev hamda tumanlarga biriktirilgan mas’ul vakillar shaxsan nazorat qilishi belgilandi.
📲 https://gov.uz/oz/jizzax sayti va sahifalari:👇
https://t.me/jizzaxviloyatihokimligi| https://t.me/jizzaxviloyatihokimi| https://www.facebook.com/pressslujba/| https://www.youtube.com/c/Jizzaxviloyatihokimligi| https://www.instagram.com/jizzaxviloyathokimligi/| http://ok.ru/|
https://t.me/jizzaxuz_bot| https://twitter.com/Jizzaxviloyath1|