O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning so‘nggi, yurtimizga oid postlarini kuzatib, bitta jihat e’tiborimni tortdi. 🇺🇿🤝🏻🇮🇹 Mashhur futbolchi postdagi gaplarni, avvalo, o‘zbek tilida boshlayapti. Bu shunchaki tarmoq yuritish usuli emas, balki auditoriyaga, shu mamlakat madaniyatiga bo‘lgan oddiy va samimiy hurmat belgisidir. Italiyadan kelgan, butun dunyo taniydigan, “Oltin to‘p” sohibining bu e’tibori, ochiq aytish kerak, komplekslari yo‘q, o‘zini shu jamiyatning bir bo‘lagi hisoblaydigan istalgan o‘zbekistonlikka xush yoqadi.
Aslida, bu hammamiz uchun yaxshigina namuna. Biz ko‘pincha “shunga o‘rganib qolganmiz”, “boshqalar tushunmaydi” degan andishalar bilan eski odatlarimizdan kecholmaymiz, lekin o‘zgarish uchun qandaydir katta turtki shart emas. Atigi ozgina istak va muloqot odatini to‘g‘ri shakllantirishga bo‘lgan iroda bo‘lsa yetarli ekanini shu bitta misol ham ko‘rsatib turibdi.
Quvonarlisi shundaki, bu borada davlat idoralarida allaqachon siljish bor, ko‘zga tashlanyapti. Misol uchun, https://lex.uz/docs/-5058351 bor. Uning ijrosi yuzasidan rasmiy yozishmalar va ichki hujjatlar almashinuvi izchil ravishda o‘zbek tiliga faol ko‘chirilayotgani — davlat tilining munosib o‘rni his etilishi boshlangani umid baxsh etadi. Albatta, hammasi birdaniga silliq kechmayotgandir, ammo qadamlar to‘g‘ri va mantiqiy yo‘nalishda tashlanayotgani ko‘ngilni to‘q qiladi.
Ayniqsa, Navro‘z bayramida Amir Temur imperiyasining bayrog‘i 🙏 mag‘rur hilpiragani, eng yuqori minbarlardan milliy o‘zlikni anglashga yorqin ishoralar bo‘layotgani ham aslida yaqqol signal beradi.
Endigi qadamni yirik bizneslar, xizmat ko‘rsatish sohalari va xususiy maktablar tashlasa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Davlat sektorida yuz berayotgan va hatto chet elliklar tushunib yetayotgan lisoniy hurmat muhitini xususiy sektorda yaratish ham qiyin emas. Buning uchun katta sarmoya yoki yuqoridan buyruq bo‘lishi shart emas-da — shunchaki o‘z iste’molchisiga qaratilgan hurmat, aholining shu davlat, bir millat o‘zligini his eta olishiga daxldorlikni sezishsa bas.
https://t.me/mirzodanmaktub