Ustozlar norozi bo’lgan attestatsiya haqida
Ikki haftacha oldin https://www.gazeta.uz/uz/2025/11/04/attestatsiya/ ingliz tili ustozlari Vazirlik va testga ommaviy norozilik ko’rsatayotganini ko’rib, bu mavzuga juda qiziqib qoldim.
Garchan bu attestatsiya va ularning natijasini ishimga bevosita aloqasi bo’lmasada, markazga va vazirlikka borib, testning barcha variantlari va savollarini birma-bir ko’rib chiqdim. Mutasaddilar bilan gaplashdim.
Bundan tashqari, deyarli 18.000 norozi ustozlar yig’ilgan Telegram guruhga qo’shilib, ustozlar o’zi nimadan noroziligini o’rganib chiqdim.
Lekin, uzr-u, bu holatda asosiy aybdor — attestatsiyadan o’ta olmagan ustozlarning o’zida.
Keling endi argumentlarimni birin-ketin asoslab bersam:
1) Avvalambor, ingliz tilini yaxshi biladigan inson sifatida (IELTS 8.5 bo’lgan inson o’zini shunday nomlay olsa) testlarni ko’zdan kechirarkanman, ularning yarmi filologiyaga, qolgan yarmi esa kuchli B2 yoki C1 til biluvchisi bemalol bajaradigan reading savollari ekanligini tushundim. To’g’ri, test davomida C2 so’zlar qatnashgan bo’lishi mumkin. Lekin ularning hech biri to’g’ri javob yashiringan kalit so’zlar emas. Demak, testning ikkinchi yarmini ingliz tilini C1 darajada bilgan aksariyat bajara oladi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasini C1 daraja bilan bitirishi shart bo’lgan filolog va pedagoglar.
2) Man sakkiz yildan beri IELTS instruktorlik qilib kelayotgan bo’lsamda, o’zimni hali ingliz tili pedagogi deb atay olmayman. Chunki til filologiyasi va uni qanday o’qitish bo’yicha bilimlarim faqatgina IELTS imtihoni va umumiy ingliz tiliga cheklangan. Lekin, attestatsiya topshirganlar avval grammatikani, keyin oliy ta’limda 4 yil uni filologiyasini o’rganishgan (deb umid qilaman);
3) Test markazida manga testning birinchi qismi, ya’ni filologiyaga taaluqli qismidagi barcha savollar fan spesifikatsiyasidan olinganligini isbotlab berishdi. Savollarda ishlatilgan barcha materiallar manbasi aniq ekan;
4) Test o’tgan safargidan qiyinlashganmi?
Ha, lekin uni qiyinlashgan emas, balki endi standartga tushirilgan degan bo’lar edim. Ammo, izlanishlarim shuni ko’rsatdiki, ko’p ustozlar til ko’nikmalarini yoki Teacher’s Bookdagi ma’lumotlarni o’rganish o’rniga Telegramdagi “Attestatsiyaga tayyorlaymiz” kurslarini sotib olishgan va faqat eski test formatiga tayyorlanishgan;
5) Attestasiyadan o’ta olmaslik sizni yomon ustoz qilib qo’yadimi?
Yo’q. Hech kim bunday demayapti ham. Muhimi - ham ingliz tili ko’nikmalarimiz, ham pedagogik bilimlarimizni yetarli darajaga chiqarib olish. Yetarli darajaga!
6) Vazirlik yoki qandaydir mutasaddilar sizni attestatsiyadan yiqilishizdan manfaatdormi?
Nega bunday bo’lishi kerak? Ko’p ustozlar guruhlarda fitna nazariyasini ko’tarib yuborishgan. Aslida xorijiy til ustozlariga qo’shimcha ustamalarni, hammadan ko’p oylik olish imkoniyatini kim tatbiq etganini eslab ko’raylik!
7) Eng muhimi, O’zbekiston YAIMi dunyo iqtisodiyotining 0.1-0.2%ni tashkil etadi va bu narsani oshirish, davlatni rivojlantirish aynan shu ingliz tili ustozlarining qo’lida.
Ajdodlarimiz, tariximizni chuqur o’rganish, kelajakka qarab ishonchli qadam bosish barchasi ingliz tilini bilib, dunyodagi 80% ma’lumotlarga ega bo’lishga kelib taqalib turibdi. Qisqasi, kalit ingliz tili ustozlari qo’lida.
Bu qiyinchiliklardan qancha qochsak, shuncha vaqt yo’qotamiz.
Shunday ekan, o’zimizni isloh qilaylik. Imtihonga tayyorgarlik ko’ravermasdan, asl ko’nikmalarni egallaylik. Bizga o’xshagan IELTS instruktorlar va pedagoglar orasida yaqqol farq bo’lishi shart. Davlatni ayblayvermaylik.
Peace 🕊
21.11.2025
Samarqand