#tavallud
Bugun – Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulom tavallud topgan kun!
SOGʻINISH
Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek,
Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh.
Eng kichik zarradan Yupitergacha
O‘zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh!
Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas,
Shunchalar mustahkam xonai xurshid.
Bugun sabza bo‘ldi qishdagi nafas,
Hozir qonda kezar ertagi umid.
Xoki anjir tugab, qovun g‘arq pishgan
Baxtli tong otar chog‘ uni kuzatdim,
Bir mal’un gulshanga qadam qo‘ymishkan,
Joni bir jondoshlar qolarmidi jim!
Unda yetuk edi meros mard g‘urur,
Ostonani o‘pib, qasamyod qildi.
Ukalarin erkalab, o‘zimday mag‘rur,
Ya’ni obod uyimni u dilshod qildi…
Iblisning g‘arazi bo‘lgan bu urush
Albatta, yetadi o‘zin boshiga.
O‘g‘lim omon kelar, g‘olib, muzaffar,
Gard ham qo‘ndirmasdan qora qoshiga.
Ne qilsa otamen, meros hissiyot…
Jondan sog‘inishga uning haqqi bor,
Kutaman, uzoqdan ko‘rinsa bir ot,
Kelayapti, deyman ko‘rinsa g‘ubor.
Bahor novdasida bo‘rtgan har kurtak
Sog‘ingan ko‘ngilga berar tasalli.
Ko‘chatlar qomatin eslatganidek,
Nafasin ufurar tong otar yeli.
Kechqurun osh suzsak bir nasiba kam,
Qo‘msayman birovni — allakimimni,
Doimo umidim bardam bo‘lsa ham,
Ba’zan vasvasalar bosar dilimni.
Balki bir g‘alat o‘q yo xavfu xatar
Xazinai umrimdan yo‘qotdi olmos…
Yo‘q, u o‘lmas, qadami olam yaratar,
Hayotiy bu olam sizu bizga xos.
Tong otar chogida juda sog‘inib,
Bedil o‘qir edim, chikdi oftob.
Loyqa xayolotlar chashmaday tindi,
Pok-pokiza yurak bir qatra simob.
O‘rog‘u gulqaychi, istak ko‘tarib,
Hovrimni bosishga boqqa jo‘nadim.
Hasharchi qo‘shni qiz — uning sevgani,
Ma’yus bosar edi orqamdan odim.
Bog‘da sarvinozim yo‘q edi garchand,
Ko‘makchim arg‘uvon yoring Nafisa,
Seni sog‘inganda qildim gul payvand –
Bu bahordan hayot olardi bo‘sa.
Dur bo‘lib taqilur yoring bo‘yniga,
Sadafday ko‘zimda, behuda bu yosh.
Ikkoving ikki yosh, labing labiga
Qo‘yar, vasvasamdan kuladi quyosh.
Asaldan ajragan mumday sarg‘ayib,
Ini yo‘q aridek to‘zg‘iganim yo‘q.
Ulug‘ e’tiqodda o‘laman qarib,
Abaddir mendagi padariy huquq.
Sizlarni keldi, deb eshitgan kuni –
O‘zing to‘qib ketgan katta savatda
To‘latib shaftoli uzib chiqaman,
Gʻalaba kunlari yaqin, albatta.
Yayov, ko‘ksim ochiq, boshda shaftolu,
Xuddi mo‘ylabingdek mayin tuki bor,
Har bitta shaftolu misoli kulgu,
Shafaqday nim pushti, sarin, beg‘ubor.
Suyganing labida reza ter kabi
Unda titrab turar sabuhiy shabnam.
Munchalik mazani topa olmaydi
Uyquda tamshangan chaqaloqlar ham.
Ye o‘g‘lim, jonginang salomat bo‘lsin,
O‘z bog‘ing, o‘z mevang, danagin saqla.
Shu meros bog‘ingni o‘z qo‘lingga ol,
Menga topshirilgan merosiy haq-la.
Bog‘da tovus kabi xiromon bo‘lib,
Umid danagini birga ekingiz,
Gʻolib kelajakni sayr qilaylik
Mushfiq onaginang bilan ikkimiz.
📱 📱
https://www.instagram.com/yoshlik_jurnali_rasmiy?igsh=c29jZHR0d2J0YnM3
📱 https://yoshlikjurnali.uz/ 📱
https://www.facebook.com/share/1AJiFmbCwQ/