She’riy kecha taassurotlari
#Janoza
Zal qorong‘u, she’riy kecha boshlandi. Hamma Jontemir akani nurda yorishib chiqishini kutardi.
Va nihoyat darvesh pardadan boshini chiqarib, chiqib keldi.
Oq bo‘zni ikki chetini tikib, o‘ziga yeng qilib olgan, qalb ko‘zi ramzi chizilgan kiyimda, albatta bu rassom Elnur akani mahorati. Sahna pardalarida ham bir qancha boshqa ko‘zlar. Shoir oq kiyimda, qolganlar qora, biroz qizil nur, ikki musiqachi: udchi minyaturalardagi oq soqol boboychalarga o‘xshaydi, barabanchi polvonchaga. Sahna tabiiy, sodda va ideal edi.
Boshida juda kulgim keldi, qani bir prikol aytsayu, yemasayam mazza qilib kulib olsam.
Boshlandi... dahshat... stulim shunchalik yaqinki, eng yaqin stul meniki va Jontemirdagi hamma mimikalar, qovoqlardagi qaltirashlar, bo‘ynidan oqayotgan ter, nigoh, qo‘l... bir qarasa gulday ochilib, bir qarasa bargday qovjirab, bir qarasa lochinday kezib, bir qarasa nahangday sho‘ng‘iyotgan qo‘l... mana ijod, mana ruh, mana hissiyot, mana haqiqiy odam, qolgan hamma jonsiz xuddi...
O‘zimda yo‘qman, men shunday bir jinnining ijodini ko‘rayapmanmi...
Bunday ijodkorlarni faqat tarixdan topib olardimku: Paganini, Kafka, Van Goh... Jontemir?
Ikki-uchta she’rdan keyin jiddiy, g‘azabli ohanglar yangray boshladi.
Kecha o‘rtasida sovg‘a berishga vaqt ajratildi. 2-3 kishidan maslahat so‘rab, sovg‘a uchun chizgan suratimni olib chiqdim, tinmay yerga qarayman (rosa qo‘rqdim). Jontemir akayam jo‘rtaga: “O‘zimni ko‘tarolmayman, buningni qanday olaman, rangi ham qurimagan”, deydi. “Xay, nima kerak aka shu gap hozir? Oling, tamom, o‘zi qo‘rqib ketayapman? Ja bo‘lsa sotvoring, ijodni tushungan odamga”, degim keladi.
Hijolat bo‘la boshladim, ha deb tagimdagi stulni ko‘tarib qo‘yaveraman. Orqamga qarolmayman, orqamga qarasam yonimdagi qizning yuziga yuzma-yuz bo‘lishim aniq. Bizning stolga sherik bo‘lgan qiz nihoyatda og‘ir-bosiq va tortinchoq edi. U unchalik qarsak ham chalmadi, kulmadi ham. Juda jiddiy. Qizni faqat Jontemir aka momosi haqida she’r o‘qiyotganda bir yig‘lab olganini ko‘rdim. Qizning ismi Muslima ekan va u ham Jontemirga o‘zi to‘qigan joynamoz va Qur’on kitobni solib yuradigan sumka sovg‘a qildi. Sumkasini Jontemir aka birdan taqib oldi va u stil ham akaga, sahnaga shunchalar yarashdi.
Sahnadagi harakatlar juda erkin edi. Jontemir aka ichmasdan mast bo‘lib qolganday edi. Hammasi ajoyib o‘tdi. She’rlar random tanlana boshladi. 2 soat daqiqalik kechada shoir tayyorgarliksiz, raqs tushib she’r o‘qiyapti va hammasi ideal.
Kechadan keyin dastxat olish bahonasida o‘n daqiqacha gaplashdik, xursandman. Ijodkor o‘zini hech kimdan ustun qo‘ymaydigan, hokisor odam ekan.
Butun ijodiy guruh bilan zo‘rg‘a xayrlashdik. Ijodiy guruh juda ajoyib edi.
Jontemir aka yurtimizda ilk bor muallif sifatida she’riyatni konsert va teatr san’ati vositalari orqali sahnada jonlantirib, uning ifoda imkoniyatlarini kengaytirdi. Raqamlashib ketayotgan dunyoda ijodkorlarning insonlar orasiga ijodini jonli yetkazishi qanchalar qadrli, qanchalar noyob topilma! Hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi bunday portlab chiqish!
Keyingi kechalarini o‘tkazib yubormaylik, davomiy bo‘lsin.
Sherxon (Khan Estes 🎨🎻)