Bugun Canton Fair’da xizmat robotlari bo‘limini aylanganimda, bir narsani juda aniq his qildim: kelajak haqida gapirish boshqa, uni ko‘z oldingda ishlab turgan holatda ko‘rish boshqa.
Bir burchakda shifoxona roboti hamshira qiladigan ishlarning bir qismini bajarayotgan edi. Yonida yana biri kartoshka qovuryapti. Boshqa bir stendda qahva tayyorlayotgan robot turibdi. Yana maysa o‘radigan, baland binolarning oynasini tozalaydigan, turli xizmat vazifalarini bajaradigan qurilmalar ketma-ket turibdi. Bu mehnat bozori qaysi tomonga burilayotganining jonli ko‘rinishi edi.
Shunday paytda ko‘pchilikning savoli tabiiy: robotlar ishlarni tortib oladimi?
Qisqa javob: ha, ayrim ishlarni albatta oladi. Lekin hamma ishni emas, bir xil tezlikda ham emas.
Men bugun ko‘rgan robotlarning umumiy jihati bitta edi: ular takrorlanuvchi, tartibga solingan, aniq qadamlar bilan bajariladigan vazifalarda juda kuchli. Qayerda jarayon oldindan chizib qo‘yilgan bo‘lsa, qayerda sifat bir xil bo‘lishi kerak bo‘lsa, qayerda charchamasdan bir xil ishni davomli qilish muhim bo‘lsa, o‘sha joyda robot juda tez iqtisodiy ustunlikka chiqadi. Fastfud tayyorlash, oddiy xizmat ko‘rsatish, ombor, tozalash, tashish, saralash, nazorat qilish kabi yo‘nalishlar shuning uchun birinchi xavf zonasida.
Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Hamshiralikning o‘zi faqat dori olib kelish yoki uskuna tashishdan iborat emas. Bemorning holatini sezish, yaqinlari bilan gaplashish, favqulodda vaziyatda mustaqil qaror qilish, ishonch berish — bularni to‘liq robotlashtirish ancha mushkul. Xuddi shunday o‘qituvchilik, boshqaruv, savdo muzokarasi, murakkab xizmat, ijodiy yechim talab qiladigan kasblarda insonning qadrini texnika birdaniga tushirib yubormaydi.
Demak, haqiqiy xavf “robot kelib hammani ishsiz qiladi” degan ssenariyda emas. Asosiy xavf — vazifaning ichidagi standart qismlar asta-sekin avtomatlashtirilishida. Kasb birdan yo‘qolmaydi, lekin uning tarkibi o‘zgaradi. Kimdir shu o‘zgarishga moslashadi, kimdir esa eski usulga yopishib qoladi.
Takroriy, jismoniy, xavfli, oson o‘lchanadigan va qat’iy tartibli vazifa bajarishlar riskli soha bo’lib qoladi. Eng qimmat odamlar esa muammoni to‘g‘ri qo‘ya oladigan, mijozni tushunadigan, ishonch uyg‘otadigan, tizimni boshqaradigan, robot va sun’iy intellekt bilan birga ishlay oladiganlar bo’ladi.
Shuning uchun bugungi savol “robot meni almashtiradimi?” emas “Mening ishimdagi qaysi qism avtomatlashtiriladi, men esa qaysi yuqoriroq qiymatli rolga ko‘tarilishim kerak?” bo’lishi kerak.
Mening bugungi xulosam shu: robotlar xavfi real. Juda real. Lekin eng katta zarba kasb nomiga emas, ko‘nikma darajasiga bo‘ladi. Oddiy ijrochi siqiladi. Jarayonni tushunadigan, texnologiyadan foydalana oladigan, odamlar bilan ishlashni biladigan mutaxassis esa yanada qadrli bo‘ladi. Kelajakda ish qoladimi, degan savoldan ko‘ra, qanday odamga ish ko‘proq qoladi, degan savol muhimroq.