“Buvijonlar davrasida” — ma’naviyat va qadriyatlar ulug‘langan tantanali tadbir
Bugun, Bekobod shahrining muhtasham va fayzli maskanlaridan biri — “Zebo” tantanalar uyida "15-may- Oila kuni" munosabati bilan “Nuroniy” jamg‘armasi Bekobod shahar bo‘limi tomonidan “Buvijonlar davrasida” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada, ko‘tarinki ruh va unutilmas taassurotlar bilan tashkil etildi.
Mazkur tadbir milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, nuroniy onaxonlarning hayotiy tajribasi va ibratli faoliyatini keng targ‘ib etish, shuningdek, yosh avlodni milliy an’analarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda Bekobod shahar hokimi N. Babayev, Xalq deputatlari shahar kengashi kotibiyati mudiri X. Ibragimova, shahar hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi G. Mirzaaxmedova, "Nuroniy" jamg'armasi raisi T. Niyozov, Mahalla uyushmasi shahar bo‘limi boshlig‘i D. Vaxobjonov, RMMM shahar bo‘linmasi raisi F. Aliyev, Madaniyat bo‘limi, “Parvoz” raqs ansambli jamoasi, “Nuroniy” jamg‘armasi qoshida hamda mahallalarda samarali faoliyat yuritib kelayotgan “Buvijonlar maktabi” guruhi a’zolari, faol nuroniylar, jamoatchilik va yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida Bekobod shahar hokimi N. Babayev so‘zga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda nuroniylarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik, ayniqsa, “Buvijonlar maktabi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tuzilmalarning jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, fidoyi onaxonlarning yoshlar tarbiyasi, oilalar mustahkamligi va milliy qadriyatlarimizni saqlash borasidagi xizmatlari yuksak e’tirof etildi.
Tadbir davomida so‘z olgan mutasaddi rahbarlar ham “Buvijonlar maktabi”ning mahallalarda olib borayotgan ibratli ishlari, oilalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yosh kelin-qizlarga milliy urf-odatlar va hayotiy saboqlarni o‘rgatishdagi faoliyatini yuqori baholadilar.
Ayniqsa, ustoz-shogird an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan nuroniy onaxonlar tomonidan tashkil etilgan milliy hunarmandchilik va amaliy san’at namunalari aks etgan ko‘rgazmalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ushbu ko‘rgazmalar orqali onaxonlarning mehnatsevarligi va milliy merosimizga bo‘lgan mehri yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Shuningdek, “Buvijonlar maktabi” guruhlari faoliyatidan tayyorlangan videolavhalar tadbir qatnashchilari e’tiboriga havola qilinib, mahallalarda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, nuroniylarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki keng yoritildi.
Faxriy onaxonlar so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan nuroniylarga yaratilayotgan shart-sharoit va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, yoshlarga doimo ezgulik, mehr-oqibat va vatanparvarlik ruhida tarbiya berish muqaddas burch ekanini ta’kidladilar.
Tadbirning madaniy qismi ham barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Madaniyat bo‘limi san’atkorlari hamda “Parvoz” raqs ansamblining dilbar kuy-qo‘shiqlari, milliy va zamonaviy raqs chiqishlari tadbirga yanada fayz va shukuh bag‘ishladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi Bekobod tuman bo‘limi xodimlari ham tadbirning aziz mehmonlari sifatida ishtirok etib, nuroniylar bilan samimiy muloqotda bo‘ldilar.
Tadbir so‘ngida “Buvijonlar maktabi”ning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, mahallalardagi ibratli xizmatlari hamda yoshlar tarbiyasi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari uchun bir qator faol a’zolar Tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur tadbir barcha ishtirokchilar qalbida chuqur taassurot qoldirib, nuroniylarga ehtirom, milliy qadriyatlarimizga sadoqat va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
🌐 https://bekobodshahar.uz/ 😎
https://www.youtube.com/@bekobodshaharhokimligi📱 https://t.me/bekobodshaharhokimligi 📱
https://www.facebook.com/bekobodshaharhokimligi/📱 https://www.instagram.com/bekobodshaharhokimligi/