Ularning o'rtasida turgan, badani kir-chir, sochlari paxmaygan, burni oqib ketgan Ralf boy berilgan poklik, inson qalbidagi zulmat, haqiqatning inqiroziga, Piggi ismli donishmand do'stiga motam tutayotgandi.
Inson uchun barcha tartiblar, qoidalar va cheklovlar birdan olib tashlansa, u bu imkoniyatdan qanday foydalanadi? “Pashshalar hukmdori” aynan shu savolni markazga qo‘yadi. Golding bir guruh bolani kimsasiz orolga tashlab, tirik qolish emas, inson bo‘lib qolish muammosini ochadi. Asar tashqi tomondan sarguzashtga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida inson tabiatiga qaratilgan keskin va murosasiz tahlildir.
Dastlab hammasi tartibli boshlanadi. Qoidalar qo‘yiladi. Yetakchi tanlanadi. Vazifalar bo‘linadi. Umid bor. Ammo vaqt o‘tishi bilan erkinlik tashqi bosimlardan - qonun, axloq, mantiq va ichki mas’uliyatdan uzilganida qanday oqibatlarga olib kelishi ochila boshlaydi. Golding shuni ko‘rsatadiki, erkinlik o‘z-o‘zidan ijobiy kuch emas. Uni ushlab turadigan ichki tayanch bo‘lmasa, u yemiruvchi qudratga aylanadi.
Asardagi har bir obraz va buyum tasodifiy emas. Ular inson ichidagi kuchlar va zaifliklarning ramziga aylanadi. Ralf tartib va mas’uliyat tarafdori. U jamiyatni inson manfaatiga xizmat qiladigan tizim asosida qurmoqchi bo‘ladi. Vazifalarni taqsimlaydi, gulxanni saqlashni talab qiladi, kelajak haqida o‘ylaydi. Ammo Ralfning fojiasi shundaki, u to‘g‘rini biladi, lekin uni oxirigacha himoya qila olmaydi. Golding shu orqali muhim fikrni ilgari suradi: yaxshilikni anglash yetarli emas, uni saqlab qolish uchun iroda va kuch ham zarur.
Jak hokimiyat va zo‘ravonlik ramzi. U uzoq muddatli maqsadlarni emas, tezkor natijani tanlaydi. Ov, qon va qo‘rquv orqali boshqarishni afzal ko‘radi. Uning tizimi sodda, lekin samarali. Aynan shu sabab u odamlarni o‘ziga tortadi. Jak yovuzlikni o‘ylab topmaydi, u faqat ichki instinktga yo‘l beradi. Golding shu obraz orqali kuchga asoslangan tizimlarning nega tez barpo bo‘lishini ko‘rsatadi.
Piggi ratsional fikrlash va donolik timsoli. U mantiq bilan gapiradi, oqibatni o‘ylaydi, tartibning ahamiyatini tushunadi. Lekin jamiyat uni tinglamaydi. Uni kulgi obyektiga aylantiradi. Piggi ko‘zoynagi - aql va idrok ramzi. Ko‘zoynak sinishi bilan ratsional tizim ham barbod bo‘ladi. Bu Goldingning achchiq xulosasi: aql himoyasiz qolsa, u birinchi bo‘lib yo‘q qilinadi.
Simon esa inson vijdoni va ichki haqiqatni ifodalaydi. U maxluq tashqarida emasligini, insonning o‘z ichida yashirin ekanini anglaydi. Ammo haqiqat har doim ham qabul qilinavermaydi. Uni inkor qilib yashash osonroq. Shu sabab Simon yolg‘iz qoladi va qurbon bo‘ladi. Golding bu orqali jamiyat ko‘pincha haqiqatni emas, qulay yolg‘onni tanlashini ko‘rsatadi.
Burg‘u so‘z erkinligi va qonun ramzi. U mavjud bo‘lgan paytda jamiyat bor. Kim burg‘uni ushlasa, gapiradi. Burg‘u sinishi bilan so‘z ham, kelishuv ham tugaydi. Gulxan esa umid va mas’uliyat belgisi. U kelajak bilan bog‘lanish, qutulish ehtimoli. Gulxan o‘chgan lahza -hozirgi lahza ustun kelgan ondir.
Asar oxir-oqibat inson qonun va axloqsiz qolganida qanday vahshiyliklarga borishini ko‘rsatadi. Aql, axloq va mas’uliyat erkinlikni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun zarur. Ular bo‘lmasa, inson tezda ibtidoiy holatga qaytadi. Kuch ishlatar tizimlar mavjud bo‘lgan jamiyatda, hatto oqillar va vijdon egalari bo‘lsa ham, ular sekin-asta so‘ndiriladi. Axloqiy me’yorlar yemirilgan nuqtada qonunlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi va ratsional fikrlash himoyasiz qoladi.
Golding insonni yovuz mavjudot sifatida tasvirlamaydi. U insonni ushlab turadigan mexanizmlar yo‘qolganda qanday holatga tushishini ko‘rsatadi. Qanchalik yaxshi bo‘lmasin, yaxshilikning o‘zi yetarli emas. Uni saqlab qolish uchun barqaror tizim va iroda kerak.
Asarning yakuni paradoksal. Bolalarni qutqarishga kelgan kattalar o‘zlari urush bilan band. Bu kuchli signal. Muammo kichik orolda emas. Muammo tashqi dunyoda ham mavjud. Golding bolalar orqali kattalar jamiyatini ko‘rsatadi. “Qutqaruv” axloqiy ustunlik emas. Bu yozuvchining eng achchiq xulosasi. Muammo bolalarda emas. Muammo inson tabiatida.
Muallif: BOOKTIONAL (
https://t.me/booktional)