REKTOR MUROJAATI
Hurmatli talabalar, qadrli yoshlar!
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqqan va ma’nan barkamol etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zararli odatlardan asrash hamda sportga keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan aprel–may oylari yurtimizda “Sog‘lomlashtirish va sport” oyligi sifatida e’lon qilinib, respublikamiz bo‘ylab turli sport va sog‘lomlashtirish tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda.
Mazkur oylik nafaqat sport musobaqalari, balki sog‘lom hayot falsafasini targ‘ib etuvchi keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy harakatdir.
Alohida ta’kidlash joizki, mazkur oylik doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston talabalari Olimpiadasi” sport musobaqalariga 6-aprel kuni tantanali ravishda start berildi. Ushbu musobaqalar nafaqat sport bellashuvi, balki do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. U orqali iqtidorli sportchi-yoshlar aniqlanadi, ularning salohiyati yuzaga chiqadi hamda yurtimiz sporti rivojiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar shakllanadi.
Aziz talabalar!
Mazkur oylik doirasida institutimizda turli sport musobaqalari, ommaviy yugurishlar, sog‘lomlashtirish aksiyalari, targ‘ibot tadbirlari hamda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Siz — kelajak tibbiyot xodimlari uchun sog‘lom turmush tarzi nafaqat shaxsiy ehtiyoj, balki kasbiy burch hamdir. Zero, sog‘lom shifokor — sog‘lom jamiyat poydevoridir.
Sizlarni ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga hamda sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotingizning ajralmas qismiga aylantirishga chaqiraman. Zero, sog‘lom avlod — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchidir. Har biringizning jismonan baquvvat, ruhiy jihatdan bardam va intellektual salohiyatga ega bo‘lib ulg‘ayishingiz biz uchun nihoyatda muhimdir.
Hurmatli yoshlar!
Sizlar kelajak egalarisiz. Sizlarning har bir yutug‘ingiz — bu institutimiz, qolaversa, yurtimiz sha’nidir. Shu bois sizlarni sport musobaqalarida faol qatnashishga, o‘z iqtidor va imkoniyatlaringizni namoyon etishga, jamoaviy ruhda harakat qilib, yuksak natijalarga erishishga chorlayman.
Shuningdek, hurmatli professor-o‘qituvchilar va tyutorlarni ham ushbu jarayonda faol ishtirok etishga, talabalarni qo‘llab-quvvatlashga hamda ularda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishga da’vat etaman.
Hurmat bilan,
Rashid Ruzibayev
Urganch davlat tibbiyot instituti rektori