Birdam jamiyat – shukronalik nafasi
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, mahallalarni rivojlantirish va jamiyat farovonligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnoma, shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda 2026-yilning “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda.
Ana shu muhim hujjatlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik aholining turli qatlamlari, ayniqsa, yoshlar ongida islohotlarga daxldorlik hissini mustahkamlash maqsadida Olot tumanida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Nuroniylar jamg‘armasi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Samoyiddin Husenov, tuman hokimi Nargiza Nematova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi vakili Zubaydullo Sharipov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Kengashi raisi, ma’rifat targ‘ibotchi Zulfiya Tuyeva hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari ishtirok etdi. Tadbir keng jamoatchilik, nuroniylar, yoshlar va mahalla faollarini bir maqsad yo‘lida birlashtirgan muhim muloqot maydoniga aylandi.
Tadbirni tuman hokimi Nargiza Nematova kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ularning mahallalar hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi nafaqat siyosiy yoki iqtisodiy tushuncha, balki har bir fuqaroning hayotida sezilayotgan amaliy o‘zgarishlar ifodasi ekanini ta’kidlandi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Samoyiddin Husenov “Birdam jamiyat – shukronalik nafasi” g‘oyasining mazmun-mohiyatini ochib berdi. Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, xususan, mahallalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, yoshlar va nuroniylarga e’tiborni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, bu islohotlar jamiyatda birdamlik, o‘zaro hurmat va minnatdorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan ishtirokchilar ham “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, ta’lim, ma’naviyat, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ayniqsa, yoshlarning bilimli, vatanparvar va tashabbuskor bo‘lib ulg‘ayishida bunday targ‘ibot tadbirlarining o‘rni beqiyos ekani qayd etildi.
Tadbirning badiiy qismi ham yig‘ilganlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Olot tumanidagi 15-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan mumtoz kuy-qo‘shiqlar milliy madaniyatimizning boy merosini yana bir bor namoyon etdi. Yosh iste’dodlarning chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Yakunda tadbirda faol ishtirok etgan fuqarolar rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyat hayotida faol bo‘lish, islohotlarga daxldorlik hissini yanada oshiradi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bunday targ‘ibot tadbirlari “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular orqali jamiyatda birdamlik, shukronalik va kelajakka ishonch tuyg‘ulari yanada mustahkamlanadi. Zero, taraqqiyotning asosiy kuchi – bu yagona maqsad sari birlashgan, ongli va faol jamiyatdir.