Assalomu aleykum hurmatli professor-o‘qituvchilarimiz va aziz hamkasblarimiz!
So‘nggi bir oy vaqt mobaynida universitetimizning barcha fakultetlari va tuzilmalarida bo‘lib, qariyb ming nafarga yaqin professor-o’qituvchilarimiz hamda besh yuz nafardan ortiq xodimlarimiz jamoasi bilan yuzma-yuz muloqot qildim. Har bir uchrashuv men uchun nafaqat tanishuv, balki jamoa haqida tasavvur, faoliyat haqida tahlil va katta ishonch manbai bo‘ldi. Uchrashuvlar davomida Sizlarning bilim va tajribangizni, ilmga bo‘lgan fidoyiligingizni, eng muhimi universitet taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashayotganingizni ko’rdim.
Universitetimiz jamoasi oddiy jamoa emas, ushbu maskanda ulkan intellektual salohiyatga ega kuchli akademik muhit shakllangan. Jamoaning kuchli salohiyati bizning eng katta boyligimizdir. Shu o’rinda yana bir muhim masala - hozirgi global raqobat sharoitida faqat salohiyatning o‘zi yetarli emasligini anglash lozim. Bu borada biz jamoamizning ushbu ulkan intellektual salohiyatini aniq maqsadlar, puxta strategiya va mukammal boshqaruv tizimiga yo’naltirishimiz va shu orqali natijaga erishishimiz shart.
Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish bevosita ta’lim va tarbiya tizimini isloh qilib, rivojlantirish bilan bog‘liq. Bu borada avvalo, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasida, xususan oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning mohiyatini chuqur anglagan holda har bir yo‘nalishda aniq strategik yondashuv bilan harakat qilishimiz zarur. Biz yangi bosqichga qadam qo‘yishimizda tizimli rivojlanishga o’tishimiz muhim. Bunda universitet, har bir fakultet, har bir kafedra, har bir professor-o‘qituvchi o‘z faoliyatini aniq mezonlar va belgilangan indikatorlar asosida tashkil etishi zarur.
Bu borada, avvalo, universitet boshqaruvini ochiq, samarali va natijaga yo‘naltirilgan tizimga aylantirish, ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlarni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tadbiq etishni yangi bosqichga olib chiqish va ilmiy salohiyatni oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun real sharoit yaratish, xalqaro yo’nalishni ilg‘or xorijiy universitetlar bilan hamkorlik hisobiga kengaytirish, tarbiyaviy yo’nalishdagi ishlarni natijadorlik sari tizimlashtirish hamda moddiy texnik bazani jahon standartlariga moslashtirishni rejalashtirganmiz. Eng muhimi, universitetimizni dunyoning TOP-1000 OTMlari qatoriga olib chiqishda har birimiz o‘z ustimizda ishlashimiz, yangilikka ochiq bo‘lishimiz, yuqori natijalarni o‘zimiz uchun odatiy darajaga aylantirishimiz lozim.
Qadrli jamoamiz, Sizlarning harakatingiz, salohiyatingiz, tajribangiz va mehnatsevarligingiz bilan biz ushbu maqsadlarga erishamiz va natija yaratadigan jamoaga aylanamiz. Birgalikda universitetimizni butun dunyoda tan olingan ilmiy va ta’lim markaziga aylantiramiz!
Hurmat bilan,
Feruza Madrahimova,
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori.
👉