Sayohatga oid maslahatlar.
Ustoz sifatida so‘nggi bir yilda Qirg‘iziston, Angliya va Xitoyda bo‘ldim. Ustozlikni boshlaganimda buni orzu ham qila olmasdim. Yetkazganiga shukr.
Mamlakatimiz yoki chet el sayohati bo‘larkan, sizlarga foyda keltiradigan ba’zi maslahatlarni berib o‘tmoqchiman. U yerdan olgan solishtirma xulosani ham yozarman, nasib.
1. Tarixiy obidalarga borar ekansiz, oldindan shu yer haqida to‘liq ma’lumot olib oling. Ma’lumotlar jonsiz binolarni gapirtiradi, sizni tarixga olib ketadi, hozirimiz uchun xulosalar yasab beradi. Hech bo‘lmasa gid oling. Bularsiz dunyoning istalgan chetidan to‘rt devor va bir tomni ko’rib qaytaverasiz.
2. Guruh bo‘lib tashkillashtiriladigan turlar bilan bormang. Erkingiz yo‘qoladi, sizga foydalisiga emas, ularga qulay joylarga olib borishadi. Yaqinlar bilan yoki yolg‘iz boring. Muhimi, qayerga borishni va qachon qaytishni o‘zingiz hal qilganingiz ma’qul. Shunda chuqurroq o‘rgana olasiz.
3. Angliyaga borib bir davlatga, Xitoyga borib esa o‘nta tasiga borgandek bo‘ldim.
Angliyaga 40 ta bolaga javobgar inson sifatida ketdim. 14 kun ichida juda kam odam bilan gaplasha oldim. Faqat mas’uliyatimdagi ish bilan band bo‘ldim. Xitoyda erkin edim. Germaniya, Gollandiya, Avstraliya, Kolumbiya, Braziliya, Xitoy, Qozog‘iston, Arab va Turkmanistonliklar bilan suhbatda bo‘ldim. Davlati, ta’limi, hayoti haqida bildim. Ba’zilariga borgandek bo‘ldim. Solishtirish imkonim bo‘ldi. Yurtimizga shukrim ortdi.
Imkon bo‘lsa, ish bilan emas, o‘zingiz sayohat bilan keting. Kichikroq jamoa yoki yolg‘iz keting. Narx deyarli farq qilmaydi. Erkinlik ko‘proq narsa o‘rgatadi.
4. Yosh bo‘lsangiz, plyaj, dengiz sohillaridan qoching. Yuradigan, ko‘radigan, o‘rganadigan, charchatadigan davlat va joylashuvlarni tanlang. Yotib dam olishga hali ulgurasiz.
5. Trendlar ketidan quvmang. Aniq maqsad bilan sayohat qiling. Masalan, men Dubayga eng oxirgi o‘rindagi joylashuv deb qarayman.
Tarixchi sifatida Angliya, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Gretsiya, Italiya, Turkiya, Hindiston va Misrga bormoqchiman. Tarixchi sifatida pasportim mening diplomimga aylanadi. Balki ichimizda bo‘lsa, tarixchi do‘stlarimiz bilan birga borarmiz keyingilarida.
6. Bir davlatning kamida ikki shahriga boring. To‘liqroq tasavvur paydo bo‘ladi. Bir shahri aldab qo‘yadi, katta ehtimol bilan.
7. Sayohatni uch oy oldin rejalashtiring. Bilet oling va mehmonxona band qiling.
8. Boring, aylaning, adashing, xato qiling, o‘rganing, uyalmang, qo‘rqmang. Sayohat qiling.