#fikrlar
Shunday ekan, bu qadar ulkan ilmning, og'ir mas'uliyatning egasi - SHIFOKOR ham o'ziga xos inson bo'lishi lozim.
Insoniyat tarixidagi eng ahamiyatli ilm - tibbiyot ilmi bo'lsa, shifokorlar ham boshqa kasblarga qaraganda muhimroq va zaruriyroq.
Shifokor - inson hayotining eng og'ir, eng kerakli, eng ojiz vaqtida hal qiluvchi figurant bo'ladi.
Shu sabab haqiqiy shifokor - farishtamisol, nuroniy shaxsiyat bo'ladi.
Noqobil shifokor esa o'lim kabi sovuq, qora tun kabi zimiston shaxsiyat bo'ladi.
Haqiqiy shifokor qanday bo'ladi?
- eng avvalda fidoiy bo'ladi. Boshqalar hayotini o'z hayotidan ustun tutadi. Boshqalarning manfaatini o'z manfaatlaridan ustun ko'radi. Hayotda "men" deb emas, "boshqalar" deb yashaydi.
- qanoatli bo'ladi. Na mol-dunyoga, na mansab va shuhratga o'ch bo'lmaydi. Shifokorlik bilan jig'ildonni birlashtirmaydi, bemor bilan "mijoz" ni birlashtirmaydi. Pul dardida yashamaydi. Insonlardan, shifokorlik kasbidan mansab va mashxurlik uchun foydalanmaydi.
- marhamat egasi bo'ladi. Dardman insonni ko'rganida uning dardini o'z tanasida his qila oladi. Boshqaning dardini o'z dardi deb biladi. Har bir bemorga o'z onasi, o'z otasi, o'z farzandidek marhamat bilan, shafqat bilan muomala qiladi. Uni davolash uchun borini beradi, jon jahdi bilan tirishadi, uhlamaydi, yemaydi, ichmaydi. Onasi bemor bo'lsayu, qaysi farzand bemalol oyoq uzatib yotadi? Har bir bemorni o'z yaqini deb bilgan shifokor ham ana shunday, uhlay olmaydi.
- vijdoni oldida halol bo'ladi. Har ilmni vijdonan o'rganadi, boshqalar "voo" deyishi uchun emas. Har ishni vijdonan bajaradi, pul uchun emas. Har bir bemorni vijdonan parvarish qiladi, falonchining qarindoshi bo'lgani uchun emas.
- ixlos egasi bo'ladi. Bemorni pul uchun, uning "rahmat" lari uchun, atrofdagilarning qarsaklari uchun, mansabi uchun davolamaydi. Bemor falonchining o'g'li bo'lsa ham, kimsasiz g'arib kishi bo'lsa ham birdek mehr beradi. Bemor badavlat bo'lsa ham, faqir bo'lsa ham birdek parvarish qiladi. Bemor rahmat aytsa ham, la'nat aytsa ham birdek davolaydi. Bemor do'sti bo'lsa ham, dushmani bo'lsa ham birdek qayg'uradi. Bemor pul bersa ham, bermasa ham birdek muolaja qiladi. Bemorni xolis Alloh rizosi uchun davolaydi!
- sabrli bo'ladi. Yuqorida yozilgan hislatlarni o'zida mujassam qilgan kishi albatta butun dunyoning g'ami va tashvishini yelkasiga olgandek bo'ladi. Shunday ekan, bu yukka sabr qilishi, Alloh taolodan sabr so'rashi kerak bo'ladi.
- mehnatkash bo'ladi. Na ilm olishdan, na xizmat qilishdan bir on ham to'xtamaydi. Umr bo'yi ilm oladi, o'rganadi, izlanadi, mehnat qiladi. Umr bo'yi xalqning xizmatini qiladi, davolaydi, ilm o'rgatadi. Dangasa bo'lmaydi, loqayd bo'lmaydi.
Aks holda, holimiz harob bo'ladi. Shifokor fidokor bo'lmasa, "men" deb yashasa, pulning quli bo'lsa, mansabning, shuhratning quli bo'lsa, ochko'z va badnafs bo'lsa, shahvatparast va nokas bo'lsa, rahmsiz, beshafqat bo'lsa, vijdonsiz va nohalol bo'lsa, besabr va beqanoat bo'lsa, ixlossiz va manfaatparast bo'lsa, dangasa va loqayd bo'lsa holimizga voy, do'stlar.
Alloh taolo unaqa shifokordan bizni, yaqinlarimizni, xalqimizni qo'risin!