http://telegraph.controller.bot/files/1959371819/AgACAgIAAxkBAAIcJGmYZpAQGrcn7e77_WOGXnlL1EU0AALhEWsbuxrISPHx8eM-ifzRAQADAgADeQADOgQRuxsora Nur – "Tunqa"
Ruxsorani adabiyotshunos sifatida tanirdim. Ayniqsa Rauf Parfi ijodiga mehri balandligi sezilardi. Dastlab tarjimalarini tashlab, fikr soʻradi. Oʻqib koʻrdim. Yaxshi edi. Nashriyotlar bilan bogʻlanishini, tarjima bilan shugʻullanishga imkoniyati yetishini aytdim.
Keyinchalik bir hikoyasini tashladi. Birinchi satrlardanoq yangi nafasni sezdim. Soʻzlarni qoʻshiqdagiday ohangdor tergani, magʻzi toʻqligi uchun bitta gapni bir necha bor oʻqidim, tushunmaganimdan emas, zavqlanganimdan. Albatta kitob chiqarishingiz kerak, dedim. Kitobga yetmaydida dedi. Yetganicha chiqaring dedim.
Bugun uning kitobini oʻqib chiqdim. Hikoyalarni oʻqir ekansiz ularni zamondoshingiz yozganini unutasiz, xuddi xalq dostonlari kabi yangraydi. Iboralar, oʻxshatmalar kishiga zavq beradi. Menimcha, bunday uslubni sunʼiy yaratib boʻlmaydi, bu muallifning tabiiy tili. Oʻsgan muhitimi, gaplashgan odamlarimi, oʻqigan kitoblarimi, bilmadim, unga shunday shirali, oʻtkir, ravon uslubni bergan.
Hikoyalarning adabiy saviyasi juda yuqori, bunga gap-soʻz yoʻq. Mavzu jihatdan koʻpi oʻxshash, buni maqtov oʻrnida ham, tanqid oʻrnida ham ishlatish mumkin. Barchasidagi muhit qandaydir biqiq. Nafasingiz siqadi. Oʻzingizni xumga qamalgan jinday his qilasiz, erksizlik shu darajadaki, hatto muallif ham oʻzini ayon emas, majozlar orqali ifoda etgan.
Loʻnda qilib aytganda, kitob ezilgan ayollar haqida. Eri, qaynonasi, jamiyat tomonidan... Alamzadalik, nafrat istehzo bilan birga beriladi va barida kun kelib qasos olinishi tasvirlanadi. Inson baribir umid qiladida. Kun kelib uni qiynaganlar qiynalishiga, hisob-kitob boʻlishiga ishongisi keladi. Odamzod yaralibdiki shunday.
Toʻgʻri, jamiyatimizda maishiy muammolardan ortmaydigan, qandaydir qozon-tovoq, supur-sidir, kir-chirni hayot-mamot masalasiga chiqarib, xudo bergan har kunni gʻurbatga aylantiradigan oilalar bisyor. Chetdan qaraganda bu maishiylikday tuyulishi mumkin, ammo oʻsha muhitda oʻsgan, yashayotgan inson uchun bu ogʻir fojia. Ayniqsa u adabiyot, ijod kishisi boʻlsa. Har bir xotira qanotga bogʻlangan toshki, uchishga qoʻymaydi.
Ruxsora oʻsha maishiylikni ezmalanmasdan, choʻzmasdan, shu bilan birga ochiqchasiga emas, bilvosita yetkazib bera olgan. Hikoyalarning bari kitob uchunmas, yurakdan yozilgani, qay bir shaxsiy dardning ifodasi ekani seziladi. Ammo Ruxsora ichidagi olovi oʻchmagan, dadil, tinib-tinchimas, qaytmas qiz, shu bois u isteʼdodini kattaroq asarlarga sarflashi kerak.
"Tunqa" yosh qalamkashning mashqlari emas, shakllangan yozuvchining ijod mahsuli. Shaxsan men bu yozuvchidan kelajakda koʻproq narsani kutaman.