Yana bir qiziq joyi - bu tilchilarning ishi, iqtisodchilar aralashmasin degan gaplarni ham o'qiyapman.
https://x.com/shokirjonov/status/2082568724423311417?s=20 ekanmiz shunchaki.
Bu juda g'alati qarash.
O'zbek tili tilshunoslarning xususiy mulki emasku. Alifbo faqat tovushlarni qog'ozga tushirish vositasi ham emas. U pasport, bank, soliq, diplom, viza, aviachipta, davlat registrlari, ilmiy maqolalar va minglab axborot tizimlarida ishlatiladigan katta infratuzilma.
Harflarning o'zbek tili fonetikasiga qanchalik mosligi tilshunoslik masalasidir. Lekin standartni o'zgartirish qancha turishi, eski va yangi tizimlar qanday bog'lanishi, xarajat kimning zimmasiga tushishi, fuqarolarning hujjatlari va xalqaro identifikatsiyasi nima bo'lishi - iqtisodchilar, huquqshunoslar, IT-mutaxassislar, bankchilar va migratsiya tizimi vakillarining ham masalasi.
Iqtisodchilar ham iqtisodiyotni 'faqat bizniki, qolganlar jim tursin' deya olmaydi, men hech qachon hayolimga ham keltirmaganman, kimningdir og'ziga shunday urishga. Alifboni o'zgartiruvchilar ham o'zbek tili haqida boshqalar savol berishiga taqiq qo'ya olmaydi. Til hammaniki.
"Bu siyosiy qaror, sizlar jim turinglar, bu uzil-kesil qabul qilinsa, biznes, iqtisodiyot, aholi va texnologiyalar baribir ko'nikadi”, deyish ham masalani hal qilmaydi. Albatta, davlat qaror qabul qilsa, ko'pchilik oxir-oqibat moslashar, inson tirik ekan bir amallab moshlashadi. Lekin moslashish tekin bo'lmaydi. Texnologiyalar o'z-o'zidan ko'nikmaydi. Ma'lumotlar bazalarini qayta sozlash, eski va yangi yozuvlarni bog'lash, hujjatlarni tekshirish, xatolarni tuzatish, odamlarni o'qitish uchun kimdir pul, vaqt va mehnat sarflaydi. Ha, bu xarajat davlat budjetida alohida satr bo'lmasligi mumkin. Ammo u yo'q degani emas. Uni bank, universitet, biznes yoki eng yomoni, alal-oqibat ism-familiyasi bir-biriga mos kelmay qolgan oddiy fuqaro to'laydi.
Yana bir argument bor ekan - "biz bu masala ustida sakkiz-o'n yildan beri ishlayapmiz. Shuncha muhokama bo'ldi. Endi cho'zmay, nihoyat tezda, bir zumda qabul qilish kerak" degan.
Uzr, lekin biror loyiha ustida uzoq ishlanganining o'zi uni avtomatik ravishda to'g‘ri qilib qo'ymaydi. Iqtisodiyotda bu sunk cost, ya'ni o'tgan xarajatga bog'lanib qolish xatosiga juda yaqin. Sakkiz yoki o'n yil sarflangani, 10-20ta, nari borsa 100odamni vaqti bu o'tgan xarajat. Bugungi qaror esa bugundan keyingi foyda va xarajatlarga qarab qabul qilinishi kerak. Agar taklif noto'g'ri bo'lsa, uning ustida o'n yil ishlangani uni qabul qilish uchun sabab emas. Balki o'n yildan keyin ham jamiyatni ishontirish uchun kuchli dalil topilmagan bo'lsa, taklifning o'zini qayta ko'rib chiqish kerakdir.
Jamiyat bir guruh odamlarning ko'p yillik mehnatini oqlash uchun 20 milliondan ortiq fuqaroning savodi, hujjatlari va identifikatsiyasini murakkablashtirishga majbur emas. Shuncha vaqt ishlangan bo'lsa, demak endi aniq ilmiy dalil va hisob-kitob ko'rsatilishi kerak, xohish istak emas.
Masalan, Sh va Ch ni almashtirishdan aniq nima yutamiz va nega shu noaniq foyda uchun yana bir avlodning savodi, hujjatlari va xalqaro identifikatsiyasini murakkablashtirishimiz kerak? Chunki alifboga o'zgarish uchun hayot-mamot darajasidagi sabab bo'lishi kerak. Agar shunday sabablar chindan ham bo'lsa o'sha sabablarni aytishsa bo'lardi, xarajatlar hisobi va argumentlar balki o'zgarar. Aks holda hozirgi, masalan, kitoblarda betlar soni %ga kamayib bolalar ko'tarib yuradigan portfel vazni yengillashadi degan sabablar pichoqqa ilinmaydi, menimcha.
Uzr, "ekspert" bo'lmasdan aralashib qo'ygan bo'lsam bu mavzuga.