Bugun O’zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tug’ilgan kun (1947-2018)
Muqaddas ayol
Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo‘ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi,
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas ayol!
“Avval: “Kel-ey, quchog‘imga to‘l, balq”, dedilar,
Unamading, ayol o‘zi ters “xalq”, dedilar.
Icholmagach yuz o‘girib sho‘r, talx, dedilar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Sen daryosan, o‘pganini qirg‘oq yashirar,
Juftim bo‘l, — deb chopganini har toq yashirar,
Jannatim, — deb quvonmasdan qumloq yashirar,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen,
Rost-u yolg‘on ertaklarning borar yeri Sen,
Asov otday erkaklarning borar yeri Sen,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davraga bir sarin yel, bir tor kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh,
Ming yillikdir ko‘zingdagi jovdiragan yosh,
Gunohkorlar ming-u bitta Senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor,
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan,
Muqaddas Ayol!
Rasmiy sahifalarimiz👇
|
https://www.facebook.com/oyinauzb/ |
https://x.com/oyinauz?s=21&t=7bF5JuXOxTxKuFObVtJnww https://www.instagram.com/oyina.uz/