Bu his hammamizga tanish. Bahslashayotgan paytingda qarshingdagi odamning mantiqsizligi seni hayratga soladi, g‘azabingni keltiradi va ich-ichingdan: «Nahotki shuni tushunish shunchalik qiyin bo‘lsa? oddiy narsa-ku» degan savol o‘tadi.
Lekin shu o‘rinda to‘xtab, bir narsani eslab olish kerak: tushunmovchilik - bu ko‘pincha aql darajasidagi farq emas, balki "ko‘rish burchagi"dagi farqdir.
Nega ular seni tushunmayapti? Аslida sabablar ko’p, hozir faqat ba’zilari haqida:
1. Ular sen ko‘rayotgan "rasm"ni ko‘rmayapti.
Sen bir masalaga o‘z tajribang, o‘qigan kitoblaring va bosib o‘tgan yo‘ling orqali qarayapsan. U odam esa butunlay boshqa "prizma" orqali qaraydi. Uning uchun bu "oddiy" narsa emas, chunki uning dunyoqarashida bunday faktlar yoki tajribalar yo‘q. U tushunmayotgani uchun aybdor emas, u shunchaki sening joyingda turmagani uchun o‘sha narsani ko‘rmayapti.
2. G‘azab - aqlning qotili.
Sening g‘azabing oshgani sari, qarshingdagi odamning himoya refleksi ham kuchayadi. U seni tushunishga emas, o‘zini himoya qilishga o‘tadi. Bahs aslida "haqiqatni izlash"ga emas, "kim g‘olib chiqadi"ga aylanadi. O‘sha lahzada ikkingiz ham eng oddiy narsalarni tushunish qobiliyatini yo‘qotasiz.
3. Tushuntirish - bu ham san’at.
Agar sen bir narsani tushuntira olmasang, demak, uni o‘zing ham hali yetarlicha sodda va tushunarli qilib shakllantirmagan bo’lishing mumkin. "Agar sen bir narsani 6 yoshli bolaga tushuntira olmasang, demak, uni o‘zing ham tushunmagansan" degan gap bor-ku.
Tavsiya:
"Tushunmaslikka haqqi bor" deb qabul qil. Har kimning qabul qilish tezligi har xil. Uning tushunmasligi - bu uning nuqsoni emas, bu shunchaki jarayon.
Bahsni to‘xtat va "Nahotki tushunmaysan?" deyish o‘rniga, "Men qayerda noto‘g‘ri tushuntiryapman?" deb so‘ra. Bu savol suhbatda o‘zgarish yasaydi.
G‘alaba qozonishni emas, tushunishni maqsad qil. Agar maqsading uni sindirish bo‘lsa, sen doim yutqazasan (chunki munosabat buziladi). Agar maqsading fikringni yetkazish bo‘lsa, unda sabrliroq bo‘lasan.
Eslab qol:
Sening oddiy deb bilgan narsang, kimdir uchun butunlay yangilik bo‘lishi mumkin. Sen hozirgi holatingga qancha vaqt sarflab, qancha bilim to‘plab kelgan bo‘lsang, u odam sendak fikrlay olishi uchun xuddi shunday yo‘lni bosib o‘tishi kerak.
Bahs - bu odamni yengish uchun maydon emas, bu bir-birini tushunish uchun ko‘prik. Agar ko‘prik qura olmasang, borini ham buzib qo’yishing mumkin.