🇺🇿Aziz mahalladoshlar! “Yettilik” a’zolari!
Sizlarni Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz! Ushbu qutlug‘ ayyom “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya ostida nishonlanmoqda. Ayniqsa, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani mahallaga, uning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va nufuziga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev haqli ta’kidlaganlaridek, mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Islohotlarning natijasi, eng avvalo, mahallada va odamlarning hayotida namoyon bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aziz hamkasblar!
Mahallalarda erishilayotgan har bir natija zamirida, avvalo, sizlarning mashaqqatli mehnatingiz, tashabbuskorligingiz va odamlar dardi bilan yashashdek yuksak mas’uliyatingiz mujassam.
Bugun ishsizlikdan xoli mahallalar soni 2 158 taga, kambag‘allikdan xoli mahallalar soni 1 636 taga, jinoyatchilikdan xoli mahallalar soni 5 190 taga, oilaviy ajrimdan xoli mahallalar soni esa 2 204 taga yetdi. Bu – oddiy raqamlar emas. Bu – minglab oilalarning barqaror daromadi, xonadonlardagi xotirjamlik, mahallalardagi tinchlik va ahillik, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchidir.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Dolzarb 40 kunlik” va “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” davomida mahallalarimizni obod qilish, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashda faol ishtirok etgan barcha “mahalla yettiligi” a’zolariga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Sizlarning har bir tashabbusingiz, ezgu ishingiz va hal etilgan muammo – odamlar roziligiga, mahalla ravnaqiga va Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Biz birgalikda mahallani odamlar uchun farovonlik, ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylantirish, har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston ruhi va qiyofasini olib kirish yo‘lida yanada yuksak natijalarga erishamiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka, sharafli mehnatingizda kuch-g‘ayrat va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!
💬
📹 http://Instagram.com/Kuranbayev_K