72+ esse namunasi😍
Esse mavzusi📄
Ba'zilar oilaviy muammolar aks etgan videolavhalarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi jamiyat ma'naviyatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi deb bilishsa, ayrimlar hammaga saboq bo'ladi deyishmoqda.
Namuna✍🏻
Zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanishi natijasida oilaviy mojarolar aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda. Ba’zi odamlar bu holat jamiyat ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlasa, bil'aks jamoa vakillari bu kabi holatlar saboq bo‘lishini aytishmoqda. Xo‘sh, bunday videolarning tarqalishi jamiyatga foydalimi yoki yo‘q?
"Yaxshi so‘z ayt, yaxshi ish qil, toki oxiri yaxshi bo‘lsin",- deya so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ta'kidlaganidek, bizning qilayotgan har bir yaxshi-yu yomon ishlarimiz jamiyatga birdek o‘z ta'sirini o‘tkazadi. Birinchidan, oilaviy muammolarni ommaga oshkor qilish inson huquqlarini buzadi. Har bir inson shaxsiy hayot sirlariga ega bo‘lish huquqiga ega va ularning muammolari ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinishi ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin. Masalan, 2019-yilda bir oilaning kelishmovchiliklari ijtimoy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga zamin yaratdi. Oradan ko‘p o‘tmay ushbu holat ikkala tomonning ham o‘z sha‘nlarini yerga urib, tez muddatda ajralishlariga sabab bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda 45,1 mingta nikohdan ajralish holati qayd etilgan. Bu esa achinarli holat hisoblanadi. Qolaversa, bunday videolar yosh avlodga salbiy ta’sir qiladi. Ular oilaviy mojarolarni odatiy holat deb qabul qilishlari, hatto kelajakda o‘z hayotlarida ham shunga o‘xshash xatti-harakatlarni takrorlashlari ehtimoli bor.
"Haqiqat bahs-munozaralarda aks etadi",- deganlaridek masalaning ikkinchi tomonini ham inkor eta olmaymiz. Bunday videolar ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratish va jamiyatni ogohlantirish uchun foydali. Misol uchun, oilaviy zo‘ravonlik aks etgan videolar jamiyatda ushbu muammoning dolzarbligini oshirib, uni bartaraf etish yo‘lida turli chora-tadbirlar ishlab chiqilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, 2020-yilda o‘z turmush o‘rtog'i tomonidan kaltaklanib ayanchli holatga kelgan ayol videolavhasi omma e‘tiboriga tushdi va huquq-tartibot organlari ushbu ish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rdi. Natijada, ayolga nisbatan huquqiy himoya choralari ko‘rildi va jinoyatchi javobgarlikka tortildi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonda "Ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha maxsus ishonch telefonlari" tashkil etildi hamda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonunchilik mustahkamlandi.
Mening fikrimcha, oilaviy muammolar aks etgan videolarning tarqalishi jamiyatga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Garchi ayrimlar bu holatni saboq deb bilsalar-da, bu shaxsiy huquqlarga putur yetkazishi va yosh avlodga salbiy namuna bo‘lishi mumkin. Shu sababli, oilaviy muammolarni ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki huquqiy va ijtimoiy mexanizmlar orqali hal qilish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, bunday videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilmasligi kerak, chunki shaxsiy hayot daxlsizligi hurmat qilinishi lozim. Jamiyatdagi muammolarni hal etishning esa boshqa samarali usullari mavjud. Zero Konfutsiy aytganidek: "Oilada totuvlik bo‘lsa, davlatda ham tartib bo‘ladi."
- kanali uchun maxsus 🤍