JIZZAX SHAHRIDA ZAMONAVIY “BMB BUSINESS MARKAZ” OCHILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish va hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatimizda tadbirkorlik tashabbuslarining kengayishiga mustahkam zamin yaratmoqda. Yaratilgan qulay sharoitlardan samarali foydalangan holda, mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan zamonaviy va istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2026-yil 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Jizzax shahrida BMB HOLDING tomonidan amalga oshirilgan yangi loyiha — “BMB BUSINESS MARKAZ”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMB HOLDING ta’sischisi Aziz Mamatqulov, Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi rahbari Bobur Umrzoqov hamda Mehnat faxriysi Sa’dulla Shukurovlar mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.
Qayd etilganidek, “BMB BUSINESS MARKAZ”ning ishga tushirilishi Jizzax shahrida biznes, savdo, xizmat ko‘rsatish va ta’lim sohalarini rivojlantirish, aholiga zamonaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda tadbirkorlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan izchil faoliyatning navbatdagi amaliy natijasidir.
Jizzax shahri, Navro‘z mahallasi, Sharof Rashidov ko‘chasi, 44A-uy manzilida joylashgan “BMB BUSINESS MARKAZ” zamonaviy arxitektura va ko‘p funksionallik tamoyillari asosida barpo etilgan. Qurilishi 2025-yil avgust oyida boshlangan mazkur majmua 2026-yil avgust oyida yakunlangan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 27,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Loyiha to‘liq BMB HOLDINGning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, bosh pudratchi — “BMB High-Tech” korxonasi hisoblanadi.
Besh qavatli binoda mahalliy biznes vakillari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, yuqori tezlikdagi internet va Wi-Fi, videokuzatuv, zamonaviy isitish va sovitish tizimlari, 2 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega lift hamda 800 kvadrat metrlik avtoturargoh tashkil etilgan.
Loyihaning konsepsiyasiga ko‘ra, biznes-markazda savdo, umumiy ovqatlanish va ta’lim xizmatlari bir joyda jamlangan. Shuningdek, birinchi bosqichda binoning pastki qavatlarida “BMB Market”, SABER savdo belgisi do‘konlari hamda “Z BURGER” tez tayyorlanadigan ovqatlanish tarmog‘i faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkinchi bosqich doirasida biznes-markazning yuqori qavatlarida ta’lim yo‘nalishini qamrab oluvchi zamonaviy o‘quv-ta’lim markazi hamda “Book Cafe” tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, biznes-markazda zamonaviy ta’lim yondashuvlari va o‘qitish usullari asosida yoshlar hamda aholi uchun yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu esa hududda ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, yoshlarning zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Yangi loyihaning ishga tushirilishi Jizzax shahrida biznes, savdo, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, “BMB BUSINESS MARKAZ”ning bosqichma-bosqich rivojlantirilishi orqali ta’lim yo‘nalishining kengaytirilishi yoshlar va aholi uchun zamonaviy o‘quv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
BMB HOLDING uchun har bir yangi loyiha — xalqimiz uchun yangi imkoniyat, zamonaviy xizmatlar va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan muhim qadamdir.
🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿
📲 https://gov.uz/oz/jizzax sayti va sahifalari:👇
https://t.me/jizzaxviloyatihokimligi| https://t.me/jizzaxviloyatihokimi| https://www.facebook.com/pressslujba/| https://www.youtube.com/c/Jizzaxviloyatihokimligi| https://www.instagram.com/jizzaxviloyathokimligi/| http://ok.ru/|
https://t.me/jizzaxuz_bot| https://twitter.com/Jizzaxviloyath1|