Olim inson aslida jamiyatda boy bo‘lishi kerak!
Bugun bir haqiqatni aniq aytish kerak, haqiqiy olim moddiy jihatdan ham kuchli bo‘lishi kerak. Chunki ilm bu shunchaki bilim emas, bu qiymat yaratish vositasi. Kim jamiyatga katta foyda keltirsa, aslida o‘sha inson eng boy bo‘lishi kerak.
Tarixda ilm egalari doimo yuqori o‘rinda bo‘lgan. Ular qarorlar markazida turgan, jamiyat rivojiga yo‘l ochgan va buning evaziga nafaqat hurmat, balki yaxshi daromad ham olgan.
Bugun esa ko‘p hollarda buning aksini ko‘ryapmiz. Olimlarimiz bilimli, lekin bu bilim ko‘pincha daromadga aylanmayapti. Muammo ilmda emas uni qiymatga aylantirish ko‘nikmasida.
Qiziq tomoni shundaki, boy tadbirkorlar ham aynan ilmiy yondashuv bilan ishlaydi. Ular doimiy izlanadi, tajriba qiladi, xatodan qo‘rqmaydi va aynan shu tajriba-sinovlar orqali katta natijalarga erishadi. Ya’ni ular amalda ilm qiladi faqat boshqacha shaklda.
Ammo yana bir muhim muammo bor. Ko‘p hollarda olimlar o‘z ishlanmasini tadbirkorga tushuntirishda asosiy nuqtani yo‘qotadi. Ular uzoqdan gap boshlaydi, qanday yaratilgani, kimlar qatnashgani, qaysi metod ishlatilgani haqida batafsil tushuntiradi. Natijada tadbirkor charchaydi va ichida bitta savol tug‘iladi: “Xo‘sh, natija nima?”
Aslida esa tadbirkorga bitta narsa kerak, agar shu ishlanma amalda qo‘llansa, qanday foyda beradi?
Qisqa, aniq va ishonarli javob kerak, qancha daromad olib keladi, qanday muammoni hal qiladi, qanchalik tez natija beradi???
Boshqa tafsilotlar ikkinchi darajali.
Ilm yashashi uchun u iqtisodiyotga kirishi kerak. Ilm mahsulotga aylanishi, xizmatga aylanishi, real foyda berishi kerak. Shunda olim ham kuchli bo‘ladi, ilm ham rivojlanadi.
Yoshlar uchun esa bu juda katta signal, ilm bu faqat diplom emas. Ilm bu imkoniyat. Ilm bu daromad manbai.
Bugungi kun talabi shundaki, natija beradigan olimlar kerak, ilmni tushuntirib beradigan emas, balki uni ishlatib foyda keltiradigan olimlar kerak. Ana shunda jamiyatda haqiqiy boylik bilim va uni to‘g‘ri ishlata olish qadrlanadi.
👉