Uzilib, zil bo‘ldi ko‘nglimning choki,
Hozir alam bilan bitayapman bayt:
Mensiz ahvolingga yig‘laymi yoki
Sensiz ahvolimga kuyayinmi, ayt?
Mashriqlardan kutib olgali bongni,
Dunyo saf tortadi xushro‘y shaharda –
Men hali o‘nglolmay bu telba ongni,
Quyosh charaqlaydi tong-la saharda!!!
Xo‘sh, men nima qilay bundayin tongni,
Sensiz kirib kelar tundayin tongni???
Sening noming bilan oqajak bu qon,
Ollashib bormoqda o‘ylagan sarim:
Ko‘zlarim qa’rida egizak vulqon
Izhor qila boshlar bor qayg‘ularim.
Sensiz on asrlar o‘tganga o‘xshar,
Yer meni o‘ziga yutganga o‘xshar.
Sen tomon o‘tmoqqa imkonim bor-u,
O‘rtada ajdaho yotganga o‘xshar.
Nima bo‘ldi menga, xayol jontalash,
Majnun belbog‘ining yirtig‘i menda.
Farhod ko‘tarolmay qolgan qo‘shbardosh,
Menga, faqat menga, ortig‘i menga!!!
Juldur kiyimlarga sanchiq tikanak,
Mening nomim endi mangu telbavor!
Pokiza dunyoga qarayman g‘amnok,
Bunda ul sho‘rlikning nima aybi bor !?
Oh, sensiz yashashlik azobi g‘alat,
Bo‘rtib chiqqanmi-yey yelkamda tog‘lar...
So‘ngsiz nigohingni men tomon qarat,
Cho‘llagan yuzimda uyg‘onsin bog‘lar!
Ayt, meni qutqarsin ilohiy amr,
Sokin tunlariga qaytar yurakni.
Vujudim binosi so‘raydi ta’mir,
Kechiktirma, yorim, o‘zing darakni!
Buni araz degil va yoki gina,
Mayli, bo‘lari - shu... holim parishon.
Sening ovozingni eshitibgina,
Yana bu dunyoga qaytaman, ishon!
So‘rovim, tilovim, shugina borim,
Dunyo-i duningga qaytib qo‘y meni.
Hech qursa, hech qursa, hech qursa, Yorim,
Ko‘rib turganingni aytib qo‘y meni!
Xayrulla Hamidov