Ota-onamning tarbiyamizdagi o’ziga xos uslublari
1. Onam barcha farzandlarida otamiz haqida ularning o’ta mehribonliklari, lekin jaxllari chiqsa o’ta qattiqqo’lliklari haqida tasavvur uyg’ota olganlar. Shaxsan o’zim adajonimdan qattiq gap eshitmasdan katta bo’lgan bo’lsamda, ularni jaxllarini chiqarib, xafa qilib qo’yishdan hayiqib turar edim. Onajonim otajonimni oiladagi mayda ishlarga aralashtirmaganlar. Farzandlar no’to’g’ri ish qilib qo’yganda ham o’zlari to’g’ri yo’lga boshlagan. “Agar ota hadeb farzandlarni urushayversa, otani haybati, obro’si ketib qoladi. Bir safar yaxshi gapiradi, keyin urushadi, keyin urushiga to’g’ri keladi. Sizlarni betlaringiz qotmasligi uchun, bitta so’zni o’zi yetarli bo’lishi uchun otangizni aralashtirmaganman”, deydi onajonim.
2. Adajonim farzandlari bilan o’zlarini olib qochmasdan, har-qanday mavzuda ish, o’yin, sport, dars, ilm, sog’lik bo’lsin, istalgan mavzuda gaplashganlar. Suxbatni yoshimizga yarasha qiziqarli olib bora olganlar. Farzandlar o’smir vaqtida o’zlarini olib qochsa ham, ular bu vaqtinchalik ekanligini bilib, butun oilani bir suxbat, bir ilm majlisi atrofida yig’a olganlar. Natijada ota va farzandlar o’rtasida chegaralar, tortinish va to’siqlar bo’lmagan. Hissiy bog’liqlik yuzaga kelgan.
3. Onajonim ota va farzand o’rtasida hissiy bog’liqlik paydo bo’lishi uchun katta rol o’ynaganlar. Har bir oilada bo’lgani singari bizda ham barcha farzandlar nima savoli, istagi bo’lsa onaga murojaat qilishgan. Onajonim esa bizni “adangdan so’ra, adangkku begonamas” deb faqat o’zimizga qo’yib berganlar. Undan oldin esa otajonimga “bolalar oldingizga borganida chiroyli javob bering, unday deng, bunday deng” deb tayinlab qo’yar ekanlar. Natijada farzandlar faqat onaga bog’lanib qolishmagan.
4. Adajonim farzandlarni aldamaslikka juda qattiq e’tibor berganlar. “Kel bir narsa beraman”, deb chaqirganda doim berganlar. Ilmga qiziqtirishda ham “Falon natijaga erishsang, falon narsani olib beraman” deganlarida ham doim va’dalarida turganlar. Biror joyga aylanishga olib borishni aytganlarida ham doim so’zlaridan chiqqanlar. Natijada, aldamaslik farzandlarga katta o’rnak bo’ldi. Hamda ilmga qiziqishimizda bu uslublari katta rol o’ynadi.
5. Dasturxonda oilaviy yig’ilib o’tirganda yoki farzandlar oldida qo’shni, qarindosh va boshqalarni muhokama qilmaslikka onajonim qattiq e’tibor berganlar. Ayniqsa g’iybat qilmaslikka, kimningdir biror yutuqqa erishgani haqida gap ketganda baxillik bilan, salbiy nazar bilan gapirmaslikka ahamiyat berishgan. Natijada farzandlarda ko’rolmaslik, ichi qoralik, baxillik shakllanmagan (Allohning izni bilan)
6. Otajonimning biror marta qovoqlarini uyib, jaxl qilib, baqirib ovozlarini baland ko’targanlarini ko’rmaganman. Hattoki bizneslari bankrotlik darajasida bo’lganida ham ishdagi kayfiyatlarini uyga olib kelganlarini bilmayman. Bu holat farzandlarga sabrli bo’lishni haqiqiy ma’noda o’rgata oldi.
7. Onajonimning yana bir o’ziga xos uslublaridan biri - bu farzandlarni nafsini va ko’zini to’q qilish edi. Onajonim mehmonga borganlarida bolalar dasturxonga ko’rmagandek yopishishlarini yoqtirmasdilar. Shuning uchun, o’z farzandlarini ko’zini to’qlatib katta qilish uchun nimani yegisi kelsa uyga olib kelib qo’yar, mehmonga deb berkitib qo’ymasdilar. Bir necha oy davomida kg kg pista-bodomlar, shokolad va shirinliklarni yeb tugatganimizda ham urushmasdan yana olib kelib qo’yaverar edilar. Bu ish vaqt o’tib o’z natijasini berdi, dasturxonda oylab noz-ne’matlar turadiki oiladagilarning ko’zlari to’yganidan qo’l tekkizilmaydi. Pista-bodomlar, shirinliklar yeyilmaganidan aynib ham qoladi.
8. Adajonim ilmga qiziqtirishda yaxshi uslub qo’llaganlar. Butun oilani yig’ib oilaviy kitobxonlik qildirardilar. Faqat farzandlar emas, ota-onamizning o’zlari ishtirokida navbatma navbat bir bob yoki ma’lum betlardan kitob o’qir edik. Ota-onamizning bu harakatlari farzandlarga yaxshigina o’rnak bo’lgan. O’qi deyish emas, o’qib berish kerakligini tushunganman.
Davomi bo’lsinmi?