🇺🇿“Andijonlik muxlislar eng zo‘ri, ammo fan-klub futbolchilarning taqdirini hal qilsa, menimcha, bu noto‘g‘ri.”
Ildar Mamatkazin Islombek Mamatkazinning “Andijon”dan “Navbahor”ga o‘tishi bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirib berdi.
— Islomning “Navbahor”ga ketishi. Bu jarayonda nima bo‘ldi?
— 2025 yilda Islomning shartnomasi tugayotgan edi. Klub unga yangi shartnoma taklif qildi, ammo u ochiq aytdi: avval xorijda o‘zini sinab ko‘rmoqchi. Shu bilan birga, agar chet elga chiqish amalga oshmasa, birinchi bo‘lib “Andijon” bilan muzokaraga qaytishini bildirdi.
Ammo klub tomoni juda qat’iy pozitsiya bildirdi: agar shartnomani imzolamasa, maydonga tushmaydi. Avgust oyida xorijiy klub varianti paydo bo‘ldi va muzokaralar boshlandi. Islom “Andijon” transferdan foyda ko‘rishini xohlardi, biroq jarohat olib, kelishuv bekor bo‘ldi.
Shundan keyin klub rahbari Rustam Mamajonov uni chaqirib, ultimatum qo‘ydi: ikki kun ichida shartnoma imzolaysan yoki zaxira jamoaga yuborilasan. Shu suhbatdan so‘ng Islom kelishuvni uzaytirishdan bosh tortdi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Ikki oy davomida jarohatini o‘z hisobidan davoladi. Klubdan hech kim qo‘ng‘iroq qilib, holidan xabar olmadi. O‘z shahrining tarbiyalanuvchisiga shunday munosabat bo‘ldi.
Mavsum oxiriga kelib u tiklandi va shartnomasini oxirigacha halol bajarishni istadi. Ammo OAVda “Navbahor”ga o‘tishi haqidagi xabarlar chiqqach, bosim boshlandi. Fan-klub rahbari o‘z Telegram kanalida Islomni mashg‘ulotlarga qo‘ymaslik kerakligi haqida yozdi.
Bundan tashqari, hurmatli hokimimizga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazilib, Islom xoin sifatida ko‘rsatildi. Voqeaning barcha tomonini bilmasdan odamni ayblab bo‘lmaydi. Fan-klub jamoani qo‘llab-quvvatlashi kerak, klub boshqaruvida bevosita ishtirok etmasligi lozim.
— Fan-klubning bunday ta’siri qanday mumkin?
— Agar rahbariyat va murabbiylar bunga quloq solayotgan bo‘lsa, demak, ta’sir bor. Andijon muxlislari juda faol, men ularni hurmat qilaman. Ular butun O‘zbekistonni uyg‘otgan.
Lekin ayrim odamlar klub ishlariga aralasha boshlayapti: bazaga kelishadi, yig‘ilish o‘tkazishadi, qaysi futbolchi qoladi, qaysi biri ketadi — shuni hal qilishga urinadi. Yana bir andijonlik tarbiyalanuvchi Sardorbek Azimovga ham bosim bo‘layotgani aytilmoqda. Bularning barchasi noto‘g‘ri.
— Hozir Islomning ahvoli qanday?
— Albatta, unga juda og‘ir bo‘ldi. Lekin ko‘plab muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda uni qo‘llab-quvvatlab, omad tilashdi — bu unga kuch berdi.
U hokim bilan shaxsan uchrashib, vaziyatni tushuntirmoqchi edi, ammo afsuski, bunga imkon berilmadi.