Maktub
Uorren shifoxonasidagi Charli Gordonga
Salom, Charli. Hayoting haqida hikoya qiluvchi kitobni oʻqib chiqdim. Xuddi sen hisobotlaringni har safar odamlar oʻqib, undan foyda olishlarini oʻylab yozganing kabi, men ham bu maktubim sening hayot hikoyangga qiziquvchilar koʻpayishiga sabab boʻlishidan umid qilib yozyapman.
Rosti, seni tushunib olgunimcha hisobotlaringni oʻqib, jahlim chiqdi. Xatoliklar koʻpligidan oʻqishga rosa qiynaldim. Ammo kechir, sen bu hisobotlar uchun qanchalar qiynalayotganingni bilmagandim. Boshqa tarafdan esa, vergul qoʻyishni oʻrganib olganingda yozgan hisobotingni oʻqib, miriqib kuldim)
Charli, Alisa va boshqalar qisman haq edi. Sen jarrohlik amaliyotidan keyin ancha oʻzgarding. Aqling teranlashdi, hattoki salohiyat bobida insoniyat sening oldingga tusha olmay qoldi. Ammo sendagi maʼsumiyat sen yoʻqotgan bolakay Charli bilan birga yoʻqoldi.
Lekin bilasanmi, ulardan koʻra seni koʻproq tushundim. Butun umr hammani yaxshi inson deb oʻylash, ular kabi boʻlish uchun hamma narsaga tayyor boʻlish, va nihoyat ulardan-da aqlli boʻlib yetishganingda, insonlar orasidagi soxtaliklarga guvoh boʻlish, ularning asl basharalaridan boxabar boʻlish, rosti, mening ham jonimni ogʻritgan boʻlardi.
Charli, sen oʻzing taʼkidlaganingdek, aqlli boʻlishingdan avval ham inson eding. Hatto inson maqomiga koʻproq munosib eding. Nemurning seni u qaytadan yaratganiga shaʼma qilib aytganlari qalbingga tigʻ kabi sanchilganini bilaman. Shu sabab seni ayblamayman. Baʼzi xatolaringni hisobga olmaganda, sen har doim haq eding. Biroq sen ham insonsan, xato qilishga haqqing bor. Hatto xato qilishga majbursan...
Meni kechir. Buni yoqtirmasligingni bilaman, ammo asar soʻnggida senga rahmim keldi. Rost, qattiq achindim. Meni ayblama, hikoyangni oʻqigan har bir inson undan taʼsirlanganiga ishonchim komil. Chunki hayoting bunga arziydi.
Charli, sen menga bir narsani tushunib yetishga yordam berding. Insonning «insonlik» maqomini uning aqliy salohiyati emas, balki undagi insoniy fazilatlar: samimiylik, mehr-shafqat, sadoqat va boshqa hislatlar belgilar ekan.
Oʻzingni senga achinmasliklari uchun kimsasizlikka, ayanchli hayotga otib, bekor qilding, degim kelyapti. Ammo oʻrningda boʻlganimda, balki men ham shunday qilgan boʻlardim. Chunki sen haqsan — insonlar senga achinib qaraganlardan koʻra, ustingdan kulganlari ming chandon yaxshiroq...
Eljernon haqida eslatishni xohlamadim. Buni sen ham xohlamasding, menimcha. Lekin butun insoniyat ularga koʻrsatgan buyuk xizmatingiz uchun sendan va Eljernondan qarzdor...
Uorrenda senga yaxshi qarashyaptimi? Oʻzingni ehtiyot qil... Bolakay...
#qahramonga_maktub
#Eljernonga_atalgan_gullar