FOMO - Fear Of Missing Out (Yoqotishdan, ulgurmay qolishdan qo'rquv)
Oxirgi paytlarda, har bir teshikdan, AI AI AI degan narsani eshitayapmiz. Hamma startup qurayapti, hamma mahsulot chiqarish harakatida, hamma AI ishlatib nimadirlar qilayapti, hamma yangi modellarni solishtirib, yangi funksiyalari haqida gapirayapti. Shunday paytlarda, shunchaki Claude ni kunlik ishlarimni osonlashtirishga ishlatayotgan menda FOMO boshlandi. Ya'ni nimadirdan quriq qolib ketayotgandekman, hammaga anavi yerda oltin bor deb ko'rsatishgan, hamma belkuragini ko'tarib ko'proq oltin kavlab olishga harakat qilayaptiyu, men bog'imda hardoimgidak bir xil ish qilayapman.
Sohani universitetda 4 yil o'qidik, minglab soatlarni muammolarni yechishni o'rganishga sarfladik, pullik kurslarga bordik, tadbirlardan qolmadik, uni aka, buni uka deb nimadirlarni o'rganishga harakat qildik. Keyin esa qish kunida boshimizga daraxtdan tushgan qordek, AI gursillab tushdi. Boshida ha endi bu goolge ni o'rniga ishlatar ekanmiz dedik, matnlarni yozib/tahrirlab berar ekan dedik, lekin kundalik hayotimizga qanday qilib singib kirib kelayotganini sezmay qoldik. Xursand bo'lishni o'rniga, bizni vahima bosa boshladi, ERTAGA NIMA BO'LADI?! 😰
"Nima bo'lsa bo'lar ertaga" deb men shu paytda qo'limdan kelgancha AI ni o'rganishga, foydalanishga harakat qilayapman, lekin baribir hammadan qolib ketayotgandekman. Qolib ketmasam ham, "True Developer" hissi yoqolib bormoqda, kod yozdiraman, uni o'qiy olaman, lekin o'zim yozmayapganimdan, o'zim qurmayapganimdan ba'zida yana siqilib qolaman. "Men shuncha vaqt sarflab o'rgangan bilimlarim nahotki endi kerak bo'lmay qolsa?" degan qo'rquv bo'ladi.
Sizlarda ham shunday hissiyot bo'layaptimi? Yo bu narsa faqat mendami?
Shu payt, o'zi ertangi kun biz uchun kafolatlanganmi degan savolni o'zimga o'zim bersam, ko'nglimga ozgina bo'lsa ham hotirjamlik kiradi. O'ng oyog'imizni bosganimizdan so'ng, chap oyog'imizni bosishimizga tan-u jonimizda kuch, jismimizda ruhimiz bo'ladimi yo'qmi? Ko'chaga nasibamizni terib chiqib ketgandan keyin uyga qaytishimiz kafolatlanmaganku, 5-10-15 yilni o'ylab nimaga siqilish kerak deb o'ylab o'zimga taskin beraman. Hamma o'zini rizqiga yarashasini oladi, hoh urush bo'lsin, hoh tinchlik. Shuning uchun menga o'xshab, ba'zida ulgurmay qolayotganidan siqilayotganlar bo'lsa, vahima qilmang, buni hech foydasi yo'q, tunda ko'zingizni yumib, ochishingiz aniqmasku, siz qayerdagi muammolarni o'ylab ich etingizni yeysiz. Undan ko'ra, yarim qadamni bo'lsa ham tog'ri yo'nalishda har kuni tashlang, bir joyda turganlardan ko'ra ancha ishingiz yaxshi bo'ladi, yugurayotganlarga e'tibor bermang, manzil bir, yo'llar boshqa, barchaga atalgani bor. Axborot shovqinini kamaytiring, ortiqcha yangiliklarga, vahimalarga quloq solmang, ularni chetga suring, bir yo'lni tanlab, e'tiboringizni o'shanga qarating, shunda ichki hotirjamlikka erishasiz, bu esa alg'ov dalg'ov zamonlarda o'zligingizni saqlab, sog'lig'ingizni asrash uchun yagona yechim.