TALPINISH
Alanglab qarayman atrofga bir-bir,
Hayhotday hovlining to‘rt tomoniga.
Go‘yoki quchog‘in ochgancha hozir
Talpinar mehribon onam yonimga...
Peshona terini artganicha jim,
Jilmayib boqqandek bo‘ladi otam.
Negadir bezovta, g‘ashlanar ko‘nglim,
Negadir xotirim emas edi jam...
Lahzalar yillarday tuyular axir,
Yuragim qinidan chiqaman, deydi.
Bu damning zalvori bunchalar og‘ir,
Boshimdan muzdayin suvlarni quydi.
Qayerda, qayda deb izlayman yonib,
Xonadan xonaga chopar nigohim.
Panada turganday ular berkinib,
Yetib bormasmidi yig‘lagan ohim?
Ko‘zimdan shovullab oqadi yoshim,
Negadir o‘zimni hech tutolmayman.
Bukchayib qolgandek nogoh bardoshim,
Aftoda holimga suyanolmayman.
Eshik ham yuzini o‘girib olgan,
Deraza ortida parda qilt etmas.
Bu olam go‘yoki o‘zgarib qolgan,
Sog‘inchim sog‘inchi meni-da kutmas.
Chidamning qo‘llari yelkam uzra yo‘q,
Yuragimdan butkul tongan bu sabr.
Har taraf qahraton, boqishlar sovuq,
Menga nedir yetmas, bilmayman, nedir...
Mahzungina turar munglig‘ xonadon,
Sezaman xonalar pastqam, torligin.
Siz yo‘qsiz onajon, siz yo‘q otajon,
Azob – siz yo‘q joyda mening borligim.
Sog‘inch so‘rog‘iga, ayting, ne deyin,
Hasrat yo‘qloviga topay ne chora?
Men sizni qumsayman, qarayman keyin –
Bolam o‘zi bilan o‘zi ovora...
Qismat tutdi menga shunday taxir may,
Umr ayamadi tashvish, qahrini.
Ayting, kimdan so‘ray, qaydan axtaray
Iliq bag‘ringizning so‘nmas mehrini?!
Charchayman ba’zida quruq so‘z terib,
Tilayman o‘zimga baxt emas, sabot.
E-vohki, shu bo‘ldi judolik berib,
Mendan iltifotin ayagan, hayot!
Bu ochun tolesi naqadar g‘amnok,
O‘rtangan dil ila yo‘qdir hech ishi.
Azaliy hikmatdir – yo‘qotmoq, topmoq,
Shu ekan yashamoq mangu qo‘shig‘i...
7 may, 2026 y.
© O‘tkir RAHMAT
✅ Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
🌐 https://samarqandim.uz/ | ✅ 🌐
https://www.instagram.com/samarqandim_jurnali/ ✅
https://www.facebook.com/profile.php?id=61567522790562 | 📹
https://www.youtube.com/@Samarqandim_jurnali/videos