Ijtimoiy tarmoqlarda biror odamni hamma so‘kayotgan bo‘lsa, bu olomonchilikka qo‘shilmasligimiz mumkin. Ammo ba‘zida, ko‘pchilikning ruhiy ta'siridami, qo‘shilamiz, o‘zimiz bilmagan, tanimagan kimdir haqida nimadir deb biror gap aytib ketamiz. Ko‘pdan qolmay deymiz-da. Balki u tuhmatga uchragandir, bilmaymizku deb o‘ylamaymiz. O‘zim ham qachonlardir shu kabi hayplarga qo‘shilib qolganman yoki shunaqa tuhmatlarga nishon bo‘lganman.
“Behalovat avlod” kitobida muallif ijtimoiy tarmoqlardagi ana shu kabi vasvasalar — olomonga ergashish, bilmasdan hukm qilish, qoralashni odatiylashtirish — va qadimiy o‘gitlarning hamon ahamiyatliligi (inson fitrati o‘sha-o‘sha) haqida yozgan ekan:
G‘AZABLANISHDA SEKINLIK, KECHIRISHDA TEZLIK
“Tao Te Ching” “to‘g‘rilik va noto‘g‘rilik g‘oyalari”ni vasvasa deydi. Men axloq psixologiyasini 35 yil davomida tadqiq qilib, buni insoniyatning eng katta muammolaridan biri deb bildim: biz tez gʻazablanamiz, ammo juda sekin kechiramiz. Kamiga, o‘z badkorligimizni avtomatik tarzda oqlab, boshqalarnikini ayovsiz hukm qiladigan riyokorlarmiz. Iso “Tog‘dagi va’z”ida shunday degan edi:
Hukm qilmangki, hukm qilinmassiz. Qanday hukm qilsangiz, oʻshanday hukm qilinasiz, qanday o‘lchov bilan o‘lchasangiz, shunday o‘lchov bilan oʻlchanasiz.
Iso bizga boshqalarni mutlaqo hukm qilmaslikni emas, balki o‘ylab, mulohaza bilan hukm qilishni uqtiradi, o‘zimizga qo‘llamaydigan o‘lchovni boshqalar uchun qoʻllashdan qaytaradi. Keyingi oyatda u shunday deydi: “Nega birodaring ko‘zidagi zirapchani koʻrasan-u, o‘z ko‘zingdagi xodani sezmaysan?” U avvalo o‘zimizni isloh qilish, soʻng oʻzgaga boqishga undaydi.
Ijtimoiy media esa buning tamoman aksini o‘rgatadi. U bizni oshigʻich va oshkora hukmlar chiqarishga, odamlarning insoniy ojizligini hisobga olmay, ularning sharoitini tushunmay, hatto o‘zimiz ham ko‘p marta shunday xatolar qilganimizni eslamay, ularni omma oldida sharmanda qilishga qiziqtiradi.
Budda va Hindu an’analari bundan ham ilgarilab, hukm chiqarishdan butkul voz kechishga da’vat etgan. Axloq psixologiyasining eng teran tushunchalaridan birini 8-asrda xitoylik zen ustozi Seng-ts’an shunday ifodalagan edi:
Yo‘l – komillik yo‘li, lek oʻgʻir u,
Tanlab-tanlab oladiganlar-chun.
Yoqtirma, yomon koʻrma,
Shunda bari boʻladi ravshan.
Qildek farqni topsang ham,
Zaminu falak ketar ajrab.
Gar haqiqat nurin koʻrmoq istarsan,
Aslo taraf olma, qarshi chiqma ham.
“Tarafdorlik” va “qarshilik” kurashi
Aqlning og‘ir xastaligidir.
Biz Seng-ts’an nasihatiga boricha amal qila olmaymiz: axloqiy farqlash va hukm chiqarishdan butunlay tiyilishimiz dushvor. (Darhaqiqat, yakkaxudolik dinlari axloqiy farqlar va hukmlarga to‘la.) Ammo, menimcha, u aytmoqchiki, o‘z holiga tashlangan ong, darrov baholay boshlaydi, bu esa keyingi o‘ylarimizga ta’sir etadi, haqiqatni anglashni qiyinlashtiradi. Bu tushuncha “Haqgoʻy zehniyat” [The Righteous Mind] kitobimda bayon etilgan axloq psixologiyasining birinchi tamoyiliga asos bo‘ladi: avval intuitsiya, keyin strategik mulohaza. Ya’ni, voqea haqida koʻnglimiz nimanidir tuyadi, so‘ng u haqda tez chiqargan hukmimizni oqlash uchun bir hikoya to‘qib chiqamiz – ko‘pincha bu hikoya bizni yaxshiroq ranglarda ko‘rsatadigan bo‘ladi...
Albatta, din ba’zan odamlarni shafqatsiz, irqchi va hatto genosidga ilhomlantirgan. Barcha odamlar kabi, dindorlar ham ko‘pincha munofiqdir. Shunga qaramay, hukm qilishga shoshmaslik va kechirimli bo‘lish haqidagi diniy ko‘rsatmalar munosabatlarni saqlash va ruhiy salomatlikni mustahkamlash uchun foydali. Ijtimoiy tarmoqlar esa odamlarni buning aksiga o‘rgatadi: tez va oshkora hukm qil, bugun hammamiz qoralayotgan odamni qoralamasang, ertaga o‘zing hukm qilinishing mumkin. Kechirma, aks holda, jamoang seni xoinga chiqaradi.