"Arxitektor-dizayner yo'q" — bu fikrga qo'shilmayman
Instagramda bir
https://www.instagram.com/reel/DWiQ2EfjCLT/?igsh=ZzE5OHRkZjI2aXZv duch keldim. Fikrlari qiziq tuyulganidan, hatto keyinchalik kuzatish uchun obuna ham bo'ldim. Biroq, uning bir argumenti meni mulohaza qilishga majbur qildi va o'z fikrlarimni yozishga qaror qildim.
Asosiy tezis: "Profilida 'arxitektor-dizayner' deb yozilgan odamga loyihangizni ishonmang, chunki ikki sohani bir vaqtda egallash imkonsiz."
Men o'zimni "arxitektor-urbanist" deb atayman (birinchisidan bakalavr va ikkinchisidan mutaxassislik litsenziyam bo'lmasada). Va bir vaqtda magistraturada aynan shaharsozlik bo'yicha tahsil olganman. Shunga bir zum o'ylanib qoldim: "Men ham 'viskochka'lik qilyapmanmi? Balki hali bu bola darajasida fikr qilishga yetib kelmagandirman?"
Lekin tahlil qilsak, bu argumentda bir nechta jiddiy xato bor:
Da Vinchi argumenti va "Vasilenko effekti"
Video muallifi: "Da Vinchi deganda faqat rassomlik esga keladi, demak u faqat o'shani professional qilgan", deydi. Bu mantiq bilan yondashsak, hozirgi trenddagi Nikolay Vasilenko — shunchaki "shirin so'zli blogger".
Lekin haqiqat qanaqa? Vasilenko — o'n yillab yirik biznesni boshqargan, ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan va jiddiy tadbirkorlik tajribasiga ega inson. Biroq, u ko'chada quyosh charaqlayotgani haqida video olib, mashhur bo'lib ketgani uchun, bugun hamma uni "biznesmen" emas, "blogger" sifatida taniydi.
"Birinchi nima esga kelishi" — bu insonning qobiliyat o'lchovi emas, bu shunchaki ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy madaniyatning filtridir. Da Vinchining anatomiya va muhandislik ishlari ham professional darajada bo'lgan, shunchaki tarixiy filtrda "Mona Liza" yorqinroq ko'ringan, xolos.
"Dizayn = interyer" degan tor tushuncha
Arxitektor konsept yaratadi, shakl tanlaydi — bu jarayonning o'zi dizayn. Ya'ni, har bir arxitektor ta'rif bo'yicha allaqachon dizaynerdir. Bu yerda "dizayn" so'zini faqat "parda tanlash" va interyer bilan bog'lab tushunish — xulosani xato tomonga yetaklaydi.
Stereotiplar va post-sovet merosi
"Har bir kasb o'z qutisida bo'lishi kerak" degan qarash — asosan sovet tizimining qoldig'i. O'sha davrda kasblar qat'iy stavkalarga bo'lingan. G'arbda esa aksincha — multidistsiplinar (bir nechta sohani chuqur biladigan) mutaxassislar bozorda eng qimmatli hisoblanadi.
Dunyo gigantlari nima deydi?
Arxitektorlardan Frenk Lloyd Rayt yoki byurolardan BIG (Bjarke Ingels Group), Snøhetta, OMA, Zaha Hadid Architects — barchasi o'zini "architecture and design" deb ataydi. Bino, interyer, landshaft va shahar masshtabi yaxlit jarayon sifatida loyihalanadi. Nahotki bularning hammasi havaskor bo'lsa?
"Ixtisoslashgan = yaxshi" tamoyili ba'zi texnik sohalarda to'g'ridir, lekin ijodiy loyihalashda bu chegara sun'iy.
Xulosa o'rnida:
Urbanistika ham bitta diplom bilan o'lchanmaydi. Yan Geyl — psixolog va arxitektor, Enrike Penalosa — yurist, Jeyn Jaykobs esa jurnalist edi. Kasblar litsenziya organlaridan emas, ehtiyojdan tug'iladi.
"Arxitektor-dizayner" — bu shunchaki ikki diplomli odam emas. Bu dizayn tafakkuri bilan loyiha qiladigan zamonaviy mutaxassis. Va bu bugungi kunda istisno emas — norma deb o'ylayman.
Agar fikrlar bo'lsa yozing chatda bahslashamiz!
👍