#bugun
#hokim_hududlarda
#Qorakõl_tumani
📍“Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini, Qaymoqchi qishlog‘idagi “Barhayot Muhammad Rajab” fermer xo‘jaligi 2019-yilda ish boshlagan. Bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan xo‘jalik 3 gektar yer maydonida barpo qilingan 2 ta pavilonida parvarishlayotgan nasldor qoramollari sonini 2200 boshga yetkazgan. Bu yerda mahalliy “Qizilcho‘l” zotidan boshlab, “Greenford”, “Angust”, “Abrikos”, “Smental” zotiga mansub nasldor qoramollar parvarishlanmoqda.
📌Viloyat hokimi Botir Zaripov mazkur qoramolchilik, qo‘ychilik, yilqichilikka yo‘naltirilgan xo‘jalikda bo‘lib, ishga solinayotgan imkoniyatlari bilan tanishdi.
— Dastlabki yillarda mahalliy zotga mansub qoramollardan 300 bosh bilan ish boshlagan bo‘lsak, keyinchalik “Xalq banki” viloyat filialidan olgan 2 milliard so‘mga yana shuncha o‘z mablag‘imizni qo‘shib, asosan Rossiyadan nasldor chorva mollarini olib keldik, — deydi fermer Maratjon Rajabov. — Shu yillar ichida umumiy qiymati 22 milliard so‘m sarmoyaga qoramol, qo‘y va yilqi xarid qilib, bo‘rdoqichilikni rivojlantiryapmiz. Fermada boqilayotgan nasldor qoramollar uchun 66 gektar ekin yeri ajratib berilgan bo‘lsa, ayni damda bu yerda chorva ozuqasi uchun bug‘doy, makkajo‘xori, beda, tariq, arpa va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. “Sayyod “va “Qandim” massivlari cho‘lidan 240 gektar yaylov yerini tasarrufimizga olganmiz.
🔫Yurtimiz yaylovlarida aynan “Merinos” zotli qo‘y va “angor” zotli echkilarni haydab boqish, junni qayta ishlash, bo‘yash va qo‘lda gilam to‘qish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish kabi biznes loyihalari tashabbuskorlariga kompensatsiya va subsidiyalar ajratish tartibi joriy qilingan.
🔼Fermer xo‘jaligiga dastlabki bosqichda 750 bosh, undan keyin 1500 bosh “Merinos” qo‘zilari keltirilib, parvarishlanayotgan bo‘lsa, bugunga kelib bu zotdor qo‘y soni 3 200 boshga yetkazilgan va hozirda bank imtiyozli kredit mablag‘i asosida aholiga ham tarqatilmoqda.
ℹ️Bu zotli qo‘ylar mahsuldorligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Naslli qo‘chqorlarning tirik vazni 100 kilogramm, sovliqlari 60 kilogramm vaznga ega bo‘ladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Merinos” zotining asosiy afzalligi – tez semirishi va go‘shtdorligi yuqoriligidir.
💬Masalan, bir bosh boqilgan qo‘y vazni 90 kilogramga yetganida, undan olinadigan toza go‘sht salmog‘i 60 kilogramni tashkil etmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida aholi xonadonlariga 1 500 bosh mayda shoxli, shuningdek 500 bosh naslli qoramol yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yil bundan ham ko‘proq naslli mol yetkazib berish ishlari bormoqda.
✅Ayni kunda 14 ishchi mehnat qilayotgan fermada yilning dastlabki uch oyi faoliyati sarhisob qilinganda, 60 tonnaga yaqin mol go‘shti, 20 tonna atrofida qo‘y go‘shti aholi dasturxoniga yetkazilgan. Shu bilan birga, xo‘jalikda 250 bosh yilqi parvarishlanayotgan bo‘lib, bo‘rdoqichilikda bir yilda 1 milliard so‘m atrofidagi ot go‘shti tayyorlanmoqda.
📈Bu tashabbus aholining sifatli go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida daromadini oshirish, chorvachilik tarmog‘ida ish o‘rinlarini ko‘paytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
📰Botir Zaripov fermani ko‘zdan kechirarkan, xo‘jalik muammolari bilan ham qiziqdi. Faoliyatni yanada kengaytirishga e’tibor qaratilib, muhim vazifalar belgilandi.
https://t.me/buxorouz_official |
https://www.facebook.com/buxorouzofficial |
https://instagram.com/buxorouz_official |
https://www.youtube.com/@bvhrasmiy