Boychechak
Biroz adabiy va she'riy tahlil bilan shugʻullanamiz. Ishontirib aytaman-ki, oxirgacha oʻqing, qiziq post. Odatda, xalq folklori — bu shunchaki qo‘shiq yoki she’r emas. Bu xalqning yashirin xotirasi, aytilmagan dardi va ramzlar orqali yetkazilgan haqiqatidir.
“Boychechak” qo‘shig‘ini odatda bahor, yangilanish va bolalik quvonchi, shoʻx ohang bilan bog‘laymiz. Ammo uni boshqacha — tarixiy va ramziy ko‘z bilan o‘qib ko‘rsak, butunlay boshqa qatlam ochiladi. Men bu qoʻshiqnj rus bosqini bilan bogʻliqligini koʻrdim. Bu qoʻshiq qachon paydo boʻlgani noma'lum, balki rus bosqinidan oldin paydo boʻlgandir. Lekin https://uz.wikipedia.org/wiki/Boychechak_(oʻzbek_xalq_ijodi)#:~:text=„Boychechak“—1984-yil,Jabborov,YusufSultonovlardaniboratboʻlgan.&text=„Boychechak“„Oʻzbekxalqijodi,tahliliasosidailmiyishyoqlangan.r oʻzbek xalq bolalar folklori toʻplamida nashr etilishi ham shu bogʻliqni koʻrsatgandek goʻyo. Quyida esa ushbu xalq qoʻshiqini men qanday tushunganim tahlilini yozdim:
"Boychechagim boylandi,
Qozon toʻla ayrondir.
Ayroningdan bermasang,
Qozon-tovoging vayrondir.
Bu yerda “ayron” — shunchaki sut mahsulotidan tayyorlanadigan ichimlik emas. U oq, sof va qadrli narsa. Uni milliy boylik, hatto mustaqillik timsoli sifatida ko‘rish mumkin. “Bermasang — vayron bo‘ladi” degan tahdid esa majburlashni va bosqinni, mustamlakachilikni eslatadi. Go‘yo xalqdan o‘z boyligi/mustaqilligini berishni talab qilgan bosqinni aks etayotgandek.
"Qattiq yerdan qazilab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Bola-bola-bola-bola, bola-bola-bola-bola
Boychechak, boychechak."
“Qattiq yerdan qazilab chiqqan boychechak...”
Bu misra — umidning obrazidir. Qanchalik qattiq, og‘ir sharoit bo‘lmasin, boychechak baribir chiqadi. Bu — xalq ruhining sinmasligi. “Bola-bola...” esa shu ruhning avloddan-avlodga o‘tishini anglatadi.
"Boychechagim hillolik,
Hamyon-hamyon tillolik.
Hamma bozor – bir bozor,
Atroflari lolazor."
“Hamyon-hamyon tillolik, hamma bozor — bir bozor...”
Bu — yo‘qotilgan yoki orzu qilingan erkin va farovon hayot manzarasi: Gullagan, tinch, o‘ziga yetarli jamiyat tasviri.
"Boychechakni tutdilar,
Tut yog`ochga osdilar,
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar."
Eng og‘ir satrlar esa oxirida keladi:
“Boychechakni tutdilar, osdilar, chopdilar...”
Bu yerda boychechak endi oddiy gul emas. U — uyg‘onish, ziyolilik, haqiqat timsoli. Ziyolilar, jadidlarni yo‘q qilish — fikrni, ongni yo‘q qilishdir. Hatto, Choʻlponning chopilganiga ham mos keladigandek.
Bu talqin — shaxsiy fikrim va tushunishim. Lekin folklorning kuchi ham shunda: u har davrda yangi ma’no ochadi.
Ba’zan eng sodda qo‘shiqlar ichida eng og‘ir tarix yashiringan bo‘ladi.