5 yil oldin Montessoriga kirib kelgan ekanman. 4 yil oldin nimalar o’rganib yurganim haqida rasmlarda. Bir narsaga qiziqib qolsam, ko’p o’qiyman, izlanaman, gaplashaman, darslar olaman. Oʻsha paytning o’zida bu bilinmaydi, doim kam, hali savollarim ko’p deyman ichimda. O’rganib, shu bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlab, odamlarga foydam tegishini ko’rmagunimcha ko’p vaqt sarflashim, o’rganishim ko’zimga ko’rinmaydi. Videolarga qarab, ehhe shuncha narsa o’rgangan ekanman, shuncha odamdan, hali bu xamir uchidan patiri, bunaqa darslik, kitobdan qancha va asosiysi Pragadagi kursim: hozirgacha 400 akademik soat yakunlaganman.
Bir qiziqqan sohamda o’zim uchun yetarlicha o’qiganimni qayerdan bilishimni sezib qoldim: o’sha ishni soatlab qilsam va bu menga qiyinchilik tug’dirmay qo’ysa. Bolalar bilan ishlash, har xil keysdagi, psixo-emotsional holatdagi (judayam patologik keyslar ko’rmaganman va ishlamaganman) bolalar bilan qisqa muddatda, O’zbekistonda ham Yevropada ishlab, endi orqaga qarasam, bilim va tajribam o’zidan-o’zi uxlab, turganimda paydo bo’lib qolmagan ekan. Alloh fazli bilan o’zimga ham ilhom, resurs, kuch va imkoniyat bergan ekan. Imkoniyatni tutib qolib, vaqtida foydalana olishga tavfiq ham bergan ekan. O’sha daqiqalarda esa bularning hech biriga mening aloqam yo’q, o’zidan-o’zi bo’lib ketdi deb qarardim, shunday hissiyot bo’lardi ichimda. Hozir esa qo’limda har doim ahamiyatini yo’qotmaydigan, xalqaro darajadagi bilim va tajribam bor bu yo’nalishda ham. Ispaniya, Bali va Malayziyadagi nufuzli Montessori maktablariga ish takliflari olganman, Ispaniyada ishlaganman.
Hahah, ba’zida ish, o’qish, sayohat haqidagi suratlar telefon xotirasida, yozgan darslarim kompyuterda o’zidan-o’zi paydo bo’lib qolgandek tuyiladi. Ularni men olmaganman, men yozmaganman yoki bo’lmaganman degan derealizatsiya. Shuningchun balki kanalimda bu taraflama o’zim haqimda ko’p narsalar yo’q, instagram ham yurgʻizmayman. Lekin yillar o’tib, orqaga qarasam hammasi ko’rinadi. Unda esa allaqachon boshqa soha, mavzuga qiziqib, sho’ng’ib, ishlab, tajriba yig’ib uje bir paytlar realmas tuyilgan voqeligimdan zerikkan ham bo’larman.
O’zim qiziqqan sohalarda erkinlikda o’qib, ishlaganim uchun ham tez o’rganaman va tez yangiliklarni amaliyotda qo’llay olaman, shuningchunam yaxshi mutaxassis bo’lish ham qiyin emas, aksincha o’zim mazza qiladigan ishga yaxshi daromad ham oladigandek his qilaman. Shu bilan birga mehnatim qadrini ham tushunaman. Ish va shaxsiy hayotda balansni saqlash uchun nimalar haqida baravariga e’tiborli bo’lishim kerakligi, nimalarni prioritet qilishim va nimalarga vaqtincha yo’q deyishim kerakligini ham tushunaman.
Hozirgi faoliyatim doirasida ham o’rganishdagi qiyinchiliklar kamayib, tajribam doirasi ancha kengayyapti mijozlar keladigan muammolar turi, darajasi bo’yicha. Demak, endi bu yerda ham xalqaro tajribaga harakat qilish kerak. Borgan sari tushunyapmanki, men to’g’ridan-to’g’ri inson resursiman va qancha ko’p odamga yordam berishni istamay kunlik, haftalik limitim bor. Hozirgi kunda maksimum kuniga 4, haftasiga 25 soat mijozlar bilan ishlashga emotsional resursim yetadi. Mana shu limitni kuniga 8 soat, haftasiga esa 40 soatga yetkazish. Bu esa yana kamida 3-4 yillik mehnat va doimiy o’sish va tajriba talab qiladi. Haftasiga 40 soat ham baribir limit, 30-35 ta insonga yordam berolaman degani, agar uzoq muddatli mijozlar bo’lsa, yiliga 40 tagina inson professional xizmatimdan foydalana oladi. Bu esa professional psixolog xizmatiga muhtoj insonlar nisbati bilan solishtirganda juda kichkina raqam.
Demak, faoliyatim haqida keyingi qadamlarni o’ylaganimda ko’proq foiz insonlarni ham o’ylashim kerak. Bu dars o’tish bo’lishi mumkin, oldin keng ommaga, keyin sekin-sekin mutaxassislarga, tadqiqotlar orqali ilmiy doiralarga, kitoblar orqali esa keyingi avlodlarga ham resurslarimni taqsimlashim mumkin ekan, lekin bu baribir individual va guruh terapiyasi faoliyatini cheklaydi, yanada kamroq mijozlar yordam ololadi, lekin mening eng sevganim ham bu — aynan odam bilan, uning chuqur ichki dunyosi bilan ishlashdir.