Dilbar erur tengsiz jahonda,
Erur anga-hamma xushtoru banda.
Tengsiz xushtoru shaydosi manam.
Jahonda banda manam anga.
Bu baytni Alisher Navoiy yozgan. Ajib, eniga o’qisangiz ham, bo’yiga o’qisangiz ham bir xil o’qiladi.
Qarangki, Navoiy nafaqat shoir sifatida, balki, Islomiy moliya tizimida ham katta natijalarga erishgan ekan. Xususan, vaqf ishlarini juda samarali yo‘lga qo‘ya olgan.
Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asari 1481-82-yillar oralig‘ida yaratilgan. Unda Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyati, vaqf qildirgan yerlari, qurdirgan binolari haqida ma’lumot berilgan. Mazkur asarda Navoiyning xayriya ishlari va vaqf qildirgan mulk, yerlari, idora usuli, xizmat uchun belgilangan lavozimlar, tayin etilgan maosh, o‘rnatilgan tartib-qoidalar bayoni o‘z ifodasini topgan.
Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor (tilla tanga) miqdorida bo’lgan. Bobomiz bu daromadning ko‘p qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 ko‘prik, bir qancha to‘g‘on, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi.
Xulosa o'rnida Navoiyning bugungi kunimizda ham hech qadrini yoqotmagan nafs, ochko‘zlik va adolatsizlikka doir misralarini keltiramiz:
To hirs-u havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafs-u havo qasri baraftod o‘lmas.
To zulm-u sitam jonig‘a bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.