Insonda eruditsiya qanday shakllanadi? Va umuman, u bizga kerakmi?
Ba’zi guruhlarimdagi o‘quvchilarga qarab shuni aniq ko‘raman. Ular ma’lum bir mavzuda spontan prezentatsiya qilishga kelganda qiyinchilikka duch keladi. Gap murakkab yoki tor ixtisoslashgan mavzularda emas. Aksincha, atrof-muhitni asrash, tabiiy mahsulotlar, do‘stlik kabi oddiy va hammaga tanish mavzular. Shunday bo‘lsa-da, ular gapni davom ettira olmaydi, fikrni yoyolmaydi, misol keltirishda qiynaladi.
Muammo nimada? Aslida juda oddiy. Ularda eruditsiya, ya’ni umumiy bilimlar zaxirasi yetishmaydi.
Eruditsiya - bu faqat ko‘p narsa bilish emas. Bu - fikr yuritish uchun materialga ega bo‘lish. Inson gapirayotganda yoki o‘ylayotganda “bo‘sh joydan” yaratmaydi. U xotirasidagi faktlar, kuzatishlar, o‘qiganlari va ko‘rganlari asosida fikr quradi. Agar ichkarida hech narsa bo‘lmasa, tashqariga ham hech narsa chiqmaydi.
Xo‘sh, bu umumiy bilimlar qanday shakllanadi?
Avvalo, tajriba orqali. Turli dunyoqarashdagi insonlar bilan suhbatlashish, fikr almashish, bahslashish orqali. Inson o‘zidan boshqa fikrlarni eshitmas ekan, uning tafakkuri ham kengaymaydi.
Ikkinchidan, kitob orqali. Kitob - bu faqat ma’lumot emas, balki fikrlashni o‘rgatuvchi vosita. U senga tayyor javob bermaydi, balki savol berishni o‘rgatadi.
Uchinchidan, kino, hujjatli filmlar, hatto sifatli badiiy asarlar orqali. Har bir yaxshi film - bu boshqa bir hayot tajribasini qisqa vaqt ichida boshdan kechirish imkoniyati.
To‘rtinchidan, kuzatish orqali. Oddiy hayotning o‘zi ham eng katta “darslik” va bilimlar bazasi aslida.
Lekin muammo shundaki, hozirgi yoshlar aynan shu jarayonlardan tobora uzoqlashib boryapti. Ularning kundalik “axborot ratsioni” qisqa, yuzaki va tez unutiladigan kontentlardan iborat, ya’ni har kunlik aforizmlar, motivatsion reelslar, 15 soniyalik videolar va hokazo. Bu kontentlar ongni boyitmaydi - aksincha, uni passiv iste’mol holatiga tushiradi.
Natijada shunday paradoks paydo bo‘ladi. Odam kun bo‘yi “nimadir ko‘radi”, lekin aslida hech narsa o‘rganmaydi. Xotira to‘ladi, lekin mazmun bilan emas.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytsam, bu jarayon tabiiy ravishda shakllanadi, agar inson o‘zini to‘g‘ri muhitga qo‘yolsa. 6 yoshligimdan gazeta o‘qirdim, haftasiga 2–3 ta. Krossvord yechardim. Ko‘p kitob o‘qirdim, kino ko‘rardim. O‘sha paytlarda na ijtimoiy tarmoqlar bor edi, na smartfonlar. Diqqat bo‘linmasdi, vaqt maydalanmasdi. Shuning uchun ham eruditsiya alohida “o‘rganiladigan” narsa emas. U turmush tarzining natijasi.
Endi savol, bizga bu kerakmi?
Agar inson faqat tayyor formulalar bilan yashamoqchi bo‘lsa, yo‘q, kerak emas. Lekin agar u mustaqil fikrlamoqchi bo‘lsa, har qanday vaziyatda gapira olish, tushuna olish va tahlil qilolishni istasa, unda eruditsiya shart.
Chunki eruditsiya - bu shunchaki bilimlar yig‘indisi emas. Bu - fikrlash erkinligining poydevori.