#Otamning_nasihatlari
Qizim va o‘g‘lim (kuyovim) mana, katta hayot arafasida o‘z xonadoningiz eshigini ochib, mustaqil ro‘zg‘or boshlayapsizlar. Ilohim, uyingizdan fayz, dasturxoningizdan baraka, qalbingizdan esa mehr arimasin.
Oila qurish oson, lekin uni tartib, sabr, qanoat va mehr bilan tutib turish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Agar halovatli, tartibli, farzandlari sukunat va tarbiyada ulg‘ayadigan oila bo‘lishni istasangiz, ro‘zg‘or yuritishning o‘z qoidalariga amal qilinglar.
Avvalo, har doim zahirada pulinglar bo‘lsin. Ro‘zg‘or uchun kerakli narsani o‘rni bilan olishni bilinglar. Har bir xaridning ham o‘z navbati, o‘z ustuvorligi bo‘ladi.
Shuni unutmanglar: pulinglar ko‘payib qolsa ham, uni har tomonga sochib yubormanglar. Tashqaridan hech kim sizlarning pulingiz ko‘payganini ham, kamayganini ham sezmasin.
Topganinglarning hammasini yeb-ichib tugatmay, oz-ozdan yig‘ib boringlar. Avval oddiyroq mashina olinglar, masalan Matiz. Keyin imkon bo‘lsa Spark, undan keyin Cobalt. Hammasiga birdan oshiqmanglar. Zinama-zina, sekin-asta ko‘tarilinglar. Chunki sekin va sabr bilan erishilgan narsada halovat bo‘ladi.
Yana bir gapni aslo yoddan chiqarmanglar er kishi ishdan uyga qaytganda, uni halovatda kulib kutib oladigan farzandlari, ochiq chehra bilan qarshi oladigan ayoli va oldida bir kosa issiq taomi bo‘lishi juda kam oilalarga nasib etadigan ulug‘ ne’matdir.
Aslida, erkakning ko‘chaga emas, uyga talpinib yashashi ham aynan shu mehr, shu osoyishtalik, shu ro‘zg‘ordagi barakadan boshlanadi.
Uy faqat devor bilan uy bo‘lib qolmaydi. Uy mehr bilan, hurmat bilan, sabr bilan, qanoat bilan obod bo‘ladi. Ayolning oqilaligi, erkakning mas’uliyati, farzandning odobi jam bo‘lgan xonadonda nafaqat baraka, balki qalbga taskin beradigan halovat ham bo‘ladi.
Ro‘zg‘orda shoshqaloqlik emas, sabr kerak. Isrof emas, tartib kerak. Havas emas, qanoat kerak. Ana shunda uyingizda mehr ham bo‘ladi, baraka ham bo‘ladi, xotirjamlik ham bo‘ladi.
Ilohim, xonadoningizdan kulgu arimasin, dasturxoningiz to‘kin bo‘lsin, farzandlaringiz odobli bo‘lsin va bir-biringizga bo‘lgan hurmatingiz umr bo‘yi mustahkam qolsin. Chunki baxt katta narsalardan emas, bir-birini tushunib yashaydigan, bir-birini kutadigan, bir-biri uchun yashaydigan oilalardan boshlanadi.💕