11–12 aprel kunlari Islomobodda AQSh va Eron o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 21 soatlik muzokaralarda Eronning yadroviy dasturini cheklash yoki to‘xtatish kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Bu holat davlatlar nega yadro quroliga ega bo‘lishni istashi haqidagi savolni yana dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Mazkur savolga xalqaro munosabatlarda neorealizm maktabining asoschisi Kennet Uolts o‘zining “Yadro qurollarining https://theasrudiancenter.wordpress.com/wp-content/uploads/2017/01/kenneth-waltz.pdf nomli maqolasida konseptual javoblar bergan bo‘lib, quyidagilarni asosiy sabablar sifatida ko‘rsatadi:
Birinchidan, yirik davlatlar odatda boshqa yirik davlatlarning qurollanishiga befarq qarab turmaydi, balki unga javoban o‘z harbiy salohiyatini kuchaytiradi. Ko‘pincha ular yangi qurol joriy qilgan davlatni takrorlash yo‘lini tanlaydi. Shu sababli Sobiq Sovet Ittifoqi AQSH tomonidan yadro quroli yaratilganidan so‘ng atom va vodorod bombalarini ishlab chiqdi.
Ikkinchidan, davlat ba’zan o‘zining yirik ittifoqchisiga to‘liq ishonmasligi sabab ham yadroviy qurolga intiladi. Ya’ni, agar unga hujum qilinsa, ittifoqchi davlat haqiqatan ham javob zarbasi beradimi yoki yo‘q - bu borada shubha paydo bo‘ladi.
Masalan, Buyuk Britaniya dastlab o‘zini kuchli davlat deb hisoblagan. Ammo keyinchalik shunday savol tug‘ildi: agar Sovet Ittifoqi Yevropaga hujum qilsa, AQSH o‘z shaharlarini xavf ostiga qo‘yib javob beradimi? Shu shubha tufayli Buyuk Britaniya o‘z yadroviy kuchiga ega bo’lishga qaror qildi.
Xuddi shunday, Sovet Ittifoqi AQSH hududiga ham zarba bera oladigan darajaga yetgach, G‘arbiy Yevropa davlatlari AQSHning “yadroviy soyaboni” endi ularni to‘liq himoya qila olmasligidan xavotir ola boshladi. Natijada, Fransiya ham o‘z xavfsizligini mustaqil ta’minlash uchun yadroviy qurolga ega bo‘lishga intildi.
Uchinchidan, agar davlatning yadroviy ittifoqchilari bo‘lmasa va uning raqiblari bunday qurolga ega bo‘lsa, u ham yadroviy qurolga ega bo‘lishga yanada ko‘proq intiladi. Aynan shu mantiq asosida Xitoy yadroviy davlatga aylandi, undan keyin Hindiston ham shu yo‘lni tutdi. Hindistonning yadroviy qudrati esa o‘z navbatida Pokistonni ham xuddi shunday qaror qabul qilishga undadi.
To‘rtinchidan, davlat o‘z raqiblarining hozirgi yoki kelajakdagi an’anaviy (konvensional) harbiy kuchidan qo‘rqib yadroviy qurolga intilishi mumkin. Bu, masalan, Isroilning yadroviy imkoniyatlarini izohlovchi muhim omillardan biridir.
Beshinchidan, ayrim davlatlar uchun yadroviy qurol an’anaviy (konvensional) qurollanish poygasiga nisbatan iqtisodiy jihatdan arzonroq va samaraliroq muqobil bo‘lishi mumkin. Ya’ni, katta miqdorda oddiy qurol va qo‘shin saqlash o‘rniga, nisbatan kamroq xarajat bilan yadroviy salohiyat yaratish orqali davlat o‘z xavfsizligini ta’minlash va strategik mustaqilligini oshirishga intiladi.
Oltinchidan, davlatlar yadroviy qurolni hujumkor maqsadlarda ham xohlashi mumkin. Ammo bu sabab kam uchraydi, chunki yadroviy hujumning o‘zi o‘zaro yo‘q qilish xavfini oshiradi.
Yettinchidan, davlat yadroviy qurol orqali o‘zining xalqaro mavqeini oshirishni ham ko‘zlashi mumkin. Bu omil ma’lum darajada ham sabab, ham natija sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, Sharl de Goll uchun milliy nufuz masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Biroq, Uolts ta’kidlashicha, yadroviy qurol yaratish qarori ortida faqat prestij emas, balki ancha chuqur strategik sabablar yotadi.