QISMAT
Oldimda hech narsamas
Qaqnusning yonishlari.
Olovda qolishlari,
Qayta uyg‘onishlari,
Men kuylasam, xijolat
bulbulning xonishlari.
Hayqirig‘im falakni,
Yerni yorib o‘tgaydir,
O‘rni yorib o‘tgaydir,
Qirni yorib o‘tgaydir,
Yuragimning taftidan
Tog‘lar erib ketgaydir.
Bog‘da yaproqlar bilan
Sirlashar sarin tuyg‘um,
Tugamas hazin kuyim,
Dardlarim yotar uyum,
Dardlarim yotar uyum,
Maysaga sheʼr o‘qiyman,
Maysa yig‘laydi yum-yum…
Osmon ham yig‘lamsirab
Poyimga cho‘kinadi,
Bag‘ri “shir” so‘kiladi,
Chunonam o‘kinadi,
Chunonam o‘kinadi,
Yulduzlar bitta qolmay
Ko‘zimga to‘kiladi.
Toza muhabbat qolgay,
Qolgan barchasi mayda.
Oshiqlar bo‘lgan joyda,
Oshiqlar bo‘lgan joyda
Ishq kuyi tugamaydi,
Oy bilan quyosh bu kech
Yuragimda tunaydi.
Ini to‘zgan ariday
Qiynoqlar duv keladi,
Men hecham qo‘rqmaydigan
Go‘zal qo‘rquv keladi,
Biram suluv keladi,
Biram suluv keladi,
Ko‘zlarini o’ylasam,
Ko‘zimga suv keladi.
Atay qilganday xuddi,
Fursat goh tez yugurgay,
Gohida sekin yurgay.
Kiprik qoqib ulgurmay,
Kiprik qoqib ulgurmay,
Ko‘zim daryolarida
Buyuk ishq qalqib turgay.
Azal taqdirmi menga,
Abad yorni qo‘msamoq,
Jon-jonimni to‘shamoq,
Devonaga o‘xshamoq,
Devonaga o‘xshamoq,
Oshiq bo‘lib tug‘ilmoq,
Shoir bo‘lib yashamoq.
✍🏻MehrNoz
2013-yil. Namangan.