ILM YOSH TANLAMAYDI
Bugun bir shahar haqida ma’lumot izlayotib quyidagi hikoyaga duch kelib qoldim:
Yoqut Hamaviy o‘zining "Moʻjamul Buldon" (5/116) kitobida hikoya shunday qiladi:
"Bu shahar (Marvi Shohijon shahri)ga Abdurahmon ibn Ahmad ibn Abdulloh Abubakr Qaffol Marvaziy mansubdirlar, u zot o‘z zamonasida fiqhu ilmda yagona edi. Ulamolarga qatnab ilm olib, kitoblar yozgan, barakalari zohir bo‘lib, shofeiy mazham ustunlaridan biriga aylanganlar. Qo‘llarida ko‘plab shogirdlar chiqib, ilmlari turli tomonga yoyilgan bo‘lib, bu zotning ilm bilan shug‘ullanishi yoshlari katta bo‘lgandan keyin boshlangan edi. Mazkur shahar atrofidagi qishloqlardan biri - Faninlik fuqaholardan biri menga shunday hikoya qilib berdi: Mashhur Qaffoli Shoshiy vazni bir doniq (0,5 gramm) bo‘lgan mitti bir qulf yasagan bo‘lib (qaffol - qulfsoz degani), buni ko‘rib odamlar juda hayratga tushgan, bu xabar atrofga yoyilib, Abubakr Qaffol (hikoya qahramoni) gacha Marvga yetib kelgan edi. Buni eshitib, bu kishi vazni bir tassuj (0,125 grammlik, doniqning choragicha)lik bir qulf yasab, odamlarga ko‘rsatadi. Buni ko‘rib odamlar yaxshi, deyishadiyu, yuqoridagichalik dovrug‘i chiqmaydi. Bir kuni o‘zining sirdoshlaridan biriga: "Ko‘rmaysizmi, hamma narsa ham omadga bog‘liq ekanda, Shoshiy vazni bir doniqlik qulf yasadiyu, dovrug‘i olamni tutdi, men uning to‘rtdan birichalik mitti qulf yasadim, bir kishi ham gapirmadi!" deydi. Shunda sherigi unga: "Dovruq qulf bilan emas, ilm bilan" deydi. O‘sha vaqtda qirq yoshga kirgan edi. Marv ahli mashoyixlaridan birining oldiga borib (o‘sha vaqtlarda u yerda shofeiy mazhabi mashhur edi), ilmga rag‘bati borligini aytadi. Mazkur shayx unga Muzaniy kitobining boshidan "Bu kitobni muxtasar qildim" degan jumlasini yodlashga buyuradi, Qaffol Marvaziy uyining tomiga chiqib, mazkur so‘zlarni xuftondan to tong otguncha qaytarib, oxiri ko‘zi ilashib uyquga ketadi. Darhol cho‘chib uyg‘onib, nimani yodlayotganini eslashga qanchalik urinmasin, bir so‘zni ham eslayolmaydi. Yuragi siqilib: "shayxga nima deyman endi?", deb uyidan chiqayotganda, qo‘shni kampirlardan biri "Ey Abu Bakr, kechadan beri "Bu kitobni muxtasar qildim" deyaverib, odamning uyqusini o‘chirib yubordingiz" deydi. Kampir aytganidan keyin esiga kelib, shayxiga borib, bo‘lgan voqeani hikoya qiladi. Shayx unga "Bu narsa seni ilmni o‘rganishdan to‘smasin, yodlashga qattiq tirishsang, doim harakatda bo‘lsang, bu senga odatga aylanadi" deydi. Shunday qilib, qattiq shug‘ullanib katta alloma bo‘lib yetishadi. Sakson yil yashab, qirq yilini johillik bilan o‘tkazgan zot qolganini olim bo‘lib o‘tkazadi. 417-hijriyda vafot etgan".
Iqtibos tugadi.
Himmat-g‘ayrat nechog‘li bo‘lishini o‘rgatadigan ibratli hikoya ekan. Darhaqiqat, ilm yosh tanlamaydi. Rag‘bat va g‘ayrat lozim.
2013
Sayfulloh Nosir hafizahulloh
📚