tundagi suhbat. hikoya.
bilmayman, tunmidi bu, yoki tongning ilk nafasi allaqachon osmonga aralashib ulgurganmidi. faqat ikkalasi bir-biri bilan jim bahslashayotgan mahal ekanini bilaman.
yomg‘ir esa derazamni mayin chertib dedi:
— seni kimdir so‘rayapti, azizam. och eshikni… iltimos.
men shoshilib derazani ochdim.
ko‘chamizdagi o‘nqir asfalt ustida sun’iy yulduzlar, xira ko‘cha chiroqlari aks etardi. suv to‘plangan chuqurchalar ichida ular sinib-sinib ketgandek ko‘rinardi. sovuq havo birdan yuzimga urildi.
men kutdim. uzoq kutdim.
keyin shamol kirib keldi xonamga. lom-lum demay. mendan bir og‘iz so‘ramay.
dars stolim ustidagi xatlar yozilgan qog‘ozlar birin-ketin uchib ketishni boshladi. kimlargadir yozilgan, lekin hech qachon yuborilmagan gaplar pol bo‘ylab sudralardi. yarim ichilgan iliq choy ham sovib ulgurdi.
va o‘sha kichkina sariq chiroq…
tun zulmati meni yutib yubormasligi uchun zo‘rg‘a yonib turadigan chiroq ham titray boshladi. xuddi “qog‘ozlarga emas, faqat menga qara” deyayotgandek.
men unga tikildim. uzoq tikildim.
shunda chiroq ortida sharpa ko‘rina boshladi.
qora plashi yomg‘irdan shalabbo bo‘lib ketgan. uzun qoramtir sochlari ham ho‘l. ammo yuzi ajablanarli darajada iliq. lavlagidek qizarib turardi, xuddi sovuqdan endi kirib kelgandek. uni ayol deyishga ham, erkak deyishga ham til bormasdi. bir qarasang, iyagida soqol soyasi bordek. keyin esa poshnali tuflisining tovushi eshitiladi.
ko‘zlari esa…
juda charchagan edi. xuddi dunyodagi hamma uyqusizliklarni yig‘ib olgandek.
— kel… o‘tir… — dedim sekin.
u darrov kelmadi. xuddi oddiy insonlar bilan gaplashishni unutib yuborgandek tikilib turardi menga. keyin asta yurib kelib, yonimdagi stulga o‘tirdi.
shamol pardalarni asta hilpiratardi.
u choydan bir ho‘plam ichdi.
keyin men so‘radim:
— nega hali ham uxlamading, og‘ayni?
charchagan, ammo samimiy kulgi bilan u:
— do‘stim… hayotning ishlari shu-da. men kechasi ishlayman.
u piyolani bir qo‘lida aylantirib, menga qaradi:
— o‘zing nega uxlamading?
men o‘ylanib qoldim:
— bilmayman. balki sen sababdirsan. senmasmiding o‘sha uyqumni o‘g‘irlagan?
— sen o‘ylab ko‘r, — dedi u sekinroq. — tun odamisan sen. senga menga yaqinroq bo‘lish, odamlardan uzoqroq yurish yaxshi.
men indamadim.
u davom etdi:
— chunki ular har doim to‘liq vaziyatni bilmasdan seni ustingda qaror chiqaradi. “nega boshqachasan?” deb so‘raydi. “nega kibrlisan?” deydi. “nega ko‘zlaringni bo‘yaysan?” deydi.
shamol xona ichida aylanib yurardi.
u menga yaqinroq egildi:
— sen boshqacha yaralgansan. faxrlan. qara, men seni maqtayman. hech qachon “yomon yashayapsan” demayman. men seni tushunaman. xohlagan narsalaringga erishishingga ham yordam beraman.
men birdan uning gapini bo‘ldim:
— birinchi marta ko‘rishib turibmiz-ku, og‘ayni. muncha berilib ketmasang. 🙄
u shunaqangi qattiq kuldiki, hatto lampa ham lipillab ketdi.
— birinchi marta?, men sen bilan har kecha birgaman-ku.
xona jim bo‘lib qoldi.
yomg‘ir derazani yana sekin urdi.
— boshqalar men bilan ko‘pi bilan tungi ikkilargacha o‘tiradi, — dedi u. — keyin uxlab qoladi. sen esa tong chiqquncha gaplashasan men bilan.
u choydan yana ichdi va dedi:
— hurmat qilaman seni shuning uchun.
keyin birdan jiddiylashdi.
— lekin bir narsani unutma: o‘zingni ularga tenglashtirma. sen tun odamisan. kunduzi insonlarga gapirishing kerak bo’ladi, tunda esa faqat sen, o’zing.
lampaning sariq nuri yuziga tushdi.
va men ilk marta uning ko‘zlarida nimadir g‘alati ekanini sezdim.
oddiy insonning ko‘zlari bunaqa bo‘lmaydi.
juda chuqur edi ular. xuddi ichida butun tun yashayotgandek.
u asta o‘rnidan turdi.
— xullas, hali ko‘p choy ichamiz birga. ko‘p gaplashamiz.
deraza ortida osmon asta oqarishni boshlagandi.
u plashini kiyib, eshik tomonga yurdi.
keyin ortiga qaramasdan dedi:
— hozir esa… tezgina uxla, tushingda ko‘rishamiz.
va negadir o‘sha payt tushundim:
meni uyqusiz qoldirayotgan narsa tun emas edi. tun bilan keladigan o‘sha mehmoncha edi.
tamom.