Oilaviy munosabatlarning yaxshi yoki yomon bo'lishida asabning o'rni katta. Asabi chatoq erkaklar bor, ayollar bor. Ular kutgan narsasini ola olmasa, portlaydi. Cho'ntagida mina solib yurgan kishiga o'xshashadi — qachon portlashini bilmaysiz.
Mening ham asabim chatoq, to'g'risi. Men kabi barcha "asabdosh"larga "Kelinglar, davolanaylik!" deyman. Avvalo, ruhiyatni yaxshilashga, o'zimizni ichdan isloh qilishga intilishimiz kerak. Shu bilan birga, tibbiy jihatdan ham davolanish, vaqtida dam olish muhim.
Yaxshi bir gap bor: "Fikringizni hurmat qilaman, lekin unga qo'shilmayman". Shunga o'xshab, har bir vaziyat, gap-so'z siz kutgandek, istagandek bo'lishi shart emas. Boshqalarning qarashlari, tutumlarini hurmat qilgan holda o'z qarashingiz, tamoyilingizga ko'ra yashayvering.
Kengbag'irlik, afv bo'lmasa, oila oila bo'lmaydi, yashab bo'lmaydi. Oilaning har bir a'zosi mustaqil shaxs: o'z fikri, qarashlari, o'z rejasi va o'z hayoti bor. Buni qabul qilish kerak. Shunda erkak har narsaga cheklov qo'yavermaydi, tanqid qilavermaydi, ayol zahrini sochavermaydi.
Eng asosiy haqiqatni unutmang! 100 yil birga yashasangiz ham siz ham, u ham bir kuni vafot etasizlar. Bir umr asabbuzarlik qilib yashasangiz ham yoki yaxshi hayot kechirsangiz ham bu hayot bir kun baribir tugaydi. Dunyoda hech narsa: rohat ham, mashaqqat ham abadiy emas. Lekin abadiy hayotda bu dunyoda qilganlarimizning javobini beramiz! Shuning uchun ko'ngilni keng qilib, asabni buzmay yashayveraylik.
Asabiy bo'lsangiz, o'zingizga qiling, marhamat: boshingizni devorga uring, yostiqni parchalab tashlang, oma umr yo'ldoshingizga sun'iy yo'ldoshdan ham battar muomala qilmang. Uni sotib olmagansiz yoki mahringizga tushmagan, qulingiz emas.
#Eslatma
✍️ — oila qurish, oilaviy muhabbat, baxt va farzand tarbiyasi haqida